CHO’R
CHO’R, Chur — Turk xoqonligi boshqaruvidagi unvonlardan biri. Qadimgi turk bitiktoshlari, Xitoy, Sug’d, Arab, fors manbalarida uchraydi. Cho’r unvoni, asosan, xoqonlikning g’arbiy qismidagi «O’n o’q» boshqaruvi tarkibida besh dulu urug’i va boshqa yirik turkiy urutlar boshliqlariga nisbatan qo’llanilgan. Jumladan, ushbu unvon Xitoy manbalarida Chjo shaklida qayd qilinib, G’arbiy Turk xoqonligi boshqaruvida islohot o’tkazilganligi va Yettisuvdagi suyab daryosining Sharqiy havzasida yashovchi dulu qabilasining beshta urug’i boshliqlarining har biriga Chjo (cho’r) unvoni berilgani aytib o’tiladi. Cho’r unvoni xoqonlik tarkibidagi boshqa o’lkalar boshqaruvida ham ishlatilib, ba’zan kishi nomlari tarkibida qo’llanilgani ko’zga tashlanadi. Tabariyning «Tarix arrasul valmuluk» (9-asr) ba’zi nusxalarida Farg’ona hukmdorining ismi jo’r (Cho’r) tarzida uchraydi. Ya’qubiyning «Kitab albuldon» (9-asr) asarida Farg’ona hukmdorining avlodi tarzida ko’rsatilgan Bilgacho’r ismidan ham vodiyning boshqaruvida Cho’r unvoni qo’llanilganini payqash mumkin. Urxun bitiktoshlarida Ko’lcho’r, Cho’rtegin, Arab manbalarida Xarachur, Alpchur, Altuchur kabi turkey lashkarboshilar ismi uchraydi. Ad. Ishoqov M., Unutilgan podsholikdan xatlar (bir turkum Sug’d hujjatlarining o’zbek tiliga tarjimasi va izohlari), T., 1992.