CHO’LPON NOMIDAGI NASHRIYOTMATBAA IJODIY UYI

CHO’LPON NOMIDAGI NASHRIYOTMATBAA IJODIY UYI – O’zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimiga kiradi. 2004 yil iyunda «Cho’lpon» nashriyoti (1986 yildan faoliyat ko’rsatgan), «Ijod dunyosi» (2000 yildan faoliyat ko’rsatgan) nashriyot uyi hamda bosmaxona birlashtirilib, ularning vorisi sifatida Cho’lpon nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi tashkil etilgan. Asosiy faoliyat yo’nalishi quyidagilardan iborat: bolalar va o’smirlar uchun turli badiiy-adabiy, san’at asarlari, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar nashr etish; yoshlarni mumtoz va hozirgi zamon o’zbek adabiyoti, jahon adabiyoti va san’ati durdonalari bilan tanishtirish; oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimi, umumta’lim maktablari uchun darslik va o’quv-uslubiy qo’llanmalar chop etish. Mustaqil respublikamiz yosh avlodini milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiq holda barkamol inson qilib tarbiyalashga hissa qo’shish Cho’lpon nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Cho’lpon nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi 2004 yilda 212 nomda 3200 ming nusxada kitob nashr etdi.