CHO’LPON

CHO’LPON (taxallusi; asl ism-sharifi Abdulhamid Sulaymon o’g’li Yunusov) (1898, Andijon — 1938.4.10, Toshkent) — shoir, yozuvchi, dramaturg, tarjimon, tanqidchi va jamoat arbobi. Dastlab madrasada (1908-12), so’ngra rus-tuzem maktabida (1912— 14) o’qigan. Sharq mumtoz shoirlari asarlarini mutolaa qilish va jadid matbuotini kuzatish yo’li bilan adabiy, ijtimoiy-siyosiy bilimini oshirgan. 1914 yil Toshkentga kelib, «Sadoi Turkiston» gazetasi bilan hamkorlik qilgan. «Yangi Sharq», «Ishtirokiyun» (1920 y.dan «Qizil bayroq», 1922 yildan «Turkiston») gazetasida adabiy xodim (1919-23), Xalq maorif komissarligi qoshidagi ilmiy kengash (1921 yildan O’lka o’zbek bilim hay’ati, 1922 yildan Ilmiy hay’at)da rais (1920-23), «Buxoro axbori» gazetasida muharrir (1921— 22), «Turon» teatrida direktor (1921; 1922-23), «Mushtum» jurnali va «Darxon» gazetasida texnik muharrir, adabiy xodim (1922-23), O’zbek drama studiyasi (Moskva, 1924— 27) va O’zbek davlat drama teatrida adabiy emakdosh (192731), SSSR XKS va Sharq xalqlari Markaziy nashriyotida tarjimon (Moskva, 1931— 34), «Mushtum» va «Guliston» jurnallari hamda «Teatru» gazetasida adabiy xodim (jamoatchilik asosida, 1935-37). Adabiy ijodi 1913-14 yillarda Andijonning ijtimoiy va madaniy hayoti haqida xabarlar yozish bilan boshlangan. 1914 yil Toshkentda M. Abdurashidxonov va U. Xo’jayev bilan tanishish Cho’lponning milliy uyg’onish harakati namoyandasi sifatida shakllanishida muhim omil bo’lgan. Cho’lpon «Sadoi Turkiston» gazetasida dastlabki «Turkistonli qardoshlarimizga» she’ri, «Qurboni jaholat», «Do’xtir Muhammadyor» hikoyalari va «Adabiyot nadir?» maqolasini e’lon qilib (1914), shu davr adabiyoti namoyandalari safidan o’rin egallagan. Turkiston aholisining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy qoloqlik sharoitida yashayotganining asosiy sababini Rossiyaning mustamlakachilik siyosatida ko’rgan Cho’lpon, boshqa jadidlar qatori, o’z asarlari bilan xalqning madaniy va ma’rifiy saviyasini ko’tarishga kirishgan. 1917 yil Fevral inqilobining ro’y berishi taraqqiyparvar ziyolilar dunyoqarashini o’zgartirib yubordi. Ular, shu jumladan, Cho’lpon mustaqillik uchun kurash endi targ’ibiy*tashviqiy davridan amaliy faoliyat bosqichiga o’tganini angladilar. Cho’lpon Turkiston muxtoriyat hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etib, muxtoriyatni sharaflovchi «Ozod turk bayrami» she’rini yozdi va bu she’r o’zbek davlatchiligi tarixida ilk madhiya bo’ldi. Shu davrda Turkistondagi ko’p millatli ziyolilar o’rtasida federalizm g’oyasi keng tarqalgani sababli Cho’lpon ayni paytda Z. Validiy bilan birga Orenburgga borib, Boshqirdiston muxtoriyat hukumatining tashkil etilishida ham ishtirok etdi. Federalistlarning fikrlariga ko’ra, Turkiston va Volga bo’yidagi turkiy xalqlar o’z muxtoriyat hukumatlarini barpo etganlaridagina bu hukumatlarning bolsheviklar tomonidan tan olinishi va birgalikda himoyalanishi mumkin edi. Muxtoriyat tugatilgach, Cho’lpon «Ilmiy kengash», «Chig’atoy gurungi», «Nashri maorif» tashkilotlari va «Turon» teatrida adabiy, ilmiy-ma’rifiy ishlar bilan mashg’ul bo’ldi. Ayni paytda sho’ro davlatining mustamlakachilik siyosati oqibatlarini fosh etuvchi she’r va maqolalar yozish bilan istiqlol uchun kurashda davom etdi. Ammo respublika madaniyat xodimlarining 2-qurultoyi (1927) dankeyin Cho’lponga qarshi boshlangan kurash uni siyosiy faoliyatdan uzoqlashishga, hatto 1931-35 yillarda Moskvaga qochib borib, musofirlikda yashashga majbur etdi. Cho’lpon 1937 yil 14 iyul kuni hibsga olinib, ko’p o’tmay, otib tashlandi. Cho’lponning adabiy merosi she’riyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar hamda tarjimadan iborat. Cho’lponning she’riy asarlari «O’zbek yosh shoirlari», «Uyg’onish» (1922), «Buloqlar» (1923), «Tong sirlari» (1926) va «Soz» (1935) to’plamlarida, shuningdek, turli gazeta va jurnallarda e’lon qilingan. Ular g’oyaviy-tematik yo’nalishiga ko’ra 2 guruhga ajraladi: sof lirika va ijtimoiy-siyosiy lirika. Ishqiy kechinma va tabiat manzaralari tasvirlangan she’rlarida Cho’lpon jahon lirik she’riyatining mumtoz vakillari darajasiga ko’tarilgan, she’rlari lirik qahramonning boy va go’zal ruhiy olamini, tabiat manzarasini, tabiatda kechayotgan jarayonlarni katta mahorat bilan aks ettirgan. «Go’zal», «Sezgi», «Sirlardan», «Men shoirmi?»singari she’rlari bilan barmoq vazniga asoslangan yangi o’zbek she’riyatini yuksak taraqqiyot bosqichiga olib chikdi. Barmoq vazni Cho’lpon va Fitratning ijodiy izlanishlari bilan 20-yillarning boshlaridayoq yangi o’zbek she’riyatining asosiy vazniga aylandi. Tarixiy davr va tarixiy sharoit Cho’lpondan muhabbat va tabiat lirikasidan ko’ra shu davrdagi o’zbek xalqining ijtimoiysiyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvolini yaxshilashga qaratilgan asarlar yozishni taqozo etdi. Vatan va millat manfaati bilan yashagan shoir davrning shu talabi bilan bolsheviklar olib borgan siyosatning mustamlakachilik mohiyatini fosh etishga, xalqni zulm va zo’ravonlikka qarshi Hurriyat uchun kurashga da’vat etishga qaratilgan she’rlar yozdi («Buzilgan o’lkaga», «Xalq», «Vijdon erki», «Kishan» va boshqalar). Cho’lpon bu she’rlari bilan adabiyotning kurash quroliga aylanishi mumkiiligini isbotlab berdi. Shoirning yurak qoni bilan yozilgan bu she’rlari vatandoshlarida o’zbek diyoriga otashin muhabbat, mustamlakachilarga nafrat, erk va hurriyat g’oyalariga sadoqat tuyg’ularini tarbiyaladi. Agar Cho’lponning «Ko’ngil lirikasi» an’analari keyinchalik Oybek, H. Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi va b. ijodida muvaffaqiyat bilan rivojlantirilgan bo’lsa, uning ijtimoiy mazmun bilan yo’g’rilgan she’riyati an’analari keyinchalik davom ettirilmay qoldi. Cho’lpon iste’dodiga xos lirik nazokat va nafosat shoir nasriy asarlarining ham o’ziga xosligini belgilab keladi. Cho’lpon qaysi mavzuga murojaat etmasin, badiiy voqelikni poetik til va obrazlar orqali mujassamlantirishga erishdi. Shu ma’noda uning 20-yillarda yozgan «Oydin kechalarda», «Qor qo’ynida Lola», «Novvoy qiz» singari hikoyalari o’zbek adabiyotidagi lirik nasrning dastlabki mumtoz namunalaridir. Cho’lpon bu hikoyalarida o’zbek xotin-qizlarining ayanchli takdirini turli badiiy rejada tadqiq etar ekan, har bir jamiyatning taraqqiyot darajasi shu jamiyatning xotin-qizlarga bo’lgan munosabati bilan. belgilanadi, degan g’oyani bu asarlar osha «Qizil ip» yanglig’ o’tkazgan. Umuman, o’zbek xotin-qizlarining mustamlakachilik sharoitidagi taqdiri tasviri Cho’lpon she’riy ijodining ham, kichik epik asarlarining ham, «Kecha va kunduz» (1936) romanining ham asosiy g’oyaviy yo’nalishini belgilab bergan. Cho’lpon nasriy ijodining muhim qismini publitsistika tashkil etadi. U «Yo’l esdaligi», «Vayronalar orasidan» kabi qator ocherk va publitsistik maqolalarida 20-yillardagi mustamlaka o’lka hayotining mudhish manzaralarini tasvirlagan. Cho’lpon bu asarlarida realistik tasvir san’atini mukammal egallagan yozuvchi sifatida gavdalanadi. Cho’lpon yozuvchilik mahoratining shunday qirralari «Kecha va kunduz» romanida, ayniqsa, yorqinroq aks etgan. Cho’lpon Abdulla Qodiriy bilan birga o’zbek adabiyotida realistic roman va hikoya janrlarining taraqqiyot tamoyillarini belgilab berdi. Cho’lponning dramaturgiya sohasidagi dastlabki izlanishlari 1919 yilga oid. U shu yili «Temirchi», «Gunoh», «Cho’rining isyoni» singari kichik sahna asarlarini yozdi. 20-yillarning boshlarida esa Cho’lponning «Yorqinoy», «Xalil farang», «O’ldiruvchi» (1921), «Sevgi va saltanat», «Cho’pon sevgisi» (1922) pyesalari maydonga keldi (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan). Cho’lpon «Turon» teatriga direktorlik qilgan yillarida sahna san’ati va dramaturgiya «sir»larini, shuningdek, rus tilini puxta egallagani tufayli 1924 yil Moskvada tashkil etilgan o’zbek drama studiyasiga adabiy emakdosh etib yuborildi. U hali rus tilini bilmagan vatandoshlariga moskvalik mashhur artist va rejissyorlarning ma’ruzalarini tarjima qilib berishdan tashqari, o’zi ham studiyachilar uchun sahna asarlari («Yorqinoy», «Yana uylanaman», «Qorovul uyqusi» (L.Sverdlin bilan hamkorlikda), «Uzun quloq bobo») ni yozib, rus va Yevropa dramaturglarining pyesalari (K.Gossi, «Malikai Turondot», N.V.Gogol, «Tergovchi», V.N. Bill Beloserkovskiy, «Labbay», Moler, «Xasis»)ni tarjima qilib berdi. Cho’lpon 1927 yilda Moskva va Boku drama studiyalari qatnashchilari bazasida O’zbek davlat namuna truppasi (1929 yildan O’zbek davlat teatri) tashkil etilgach, mazkur truppa (teatr) ning adabiy emakdoshi sifatida faoliyat olib bordi. Shu davrda uning kishilar va jamiyat hayotidagi nuqsonlarni hajv etuvchi «Mushtumzo’r», «Hujum» (V.Yan bilan hamkorlikda, 1928), «O’rtoq Qarshiboev» (1929) kabi pyesalari sahna yuzini ko’rdi. Cho’lpon ayni paytda teatr tarjimoni sifatida ham samarali ijod qilib, K.Goldonining «Ikki boyga bir qarol», Lope de Veganing «Qo’zi buloq», U.Shekspirning «Hamlet», F.Shillerning «Bosmachilar», Billbeloserkovskiyning «Po’rtana», S.Levitinaning «Hukm», A.Faykoning «Portfelli kishi», V.Tret’yakovning «Na’rangni tort, Xitoy!», Vs. Ivanovning «14-69 raqamli zirhli poyezd» pesalarini o’zbek tiliga o’girdi. Cho’lpon adabiy emakdosh, dramaturg va tarjimon sifatida M.Uyg’ur bilan birga professional o’zbek teatriga tamal toshini qo’ydi. Cho’lponning adabiyot va san’at masalalariga bag’ishlangan faoliyati kichik-kichik maqolalardan iborat bo’lsada, ularning ayrimlari dasturiy ahamiyatga ega. Cho’lpon 1914-15 yillarda yozgan «Adabiyot nadir?»va «Muhtaram yozuvchilarimizga» maqolalari bilan adabiyot va san’atning xalq va jamiyat oldidagi vazifasini, tarbiyaviy-ma’rifiy ahamiyatini aniq belgilab berdi. U o’zbek va xorijiy xalqlar adabiyoti namoyandalari («Marhum Tavfiq Fikrat», «Ikki yo’qotish», «Rizo Tavfiqbek», «Tagor va tagorshunoslik», «Ulug’ hindi», «Jo’rj dandon», «Katta maktab egasi», «Uvaysiy», «Ustodning xislatlari»), teatr va musika san’ati («Abo Muslim», «Iblis», «Shayx San’on», «Oydin», «Malikai Turondot», «Meyerxold teatri», «Tursunoy sahnada», «Ashulaga ishqiboz», «Qiziqlar», «Ota bola san’atkor», «Bazmcholg’u to’dasi», «Ukraina bandurachilari»), til («Shohnoma»ning turkcha tarjimasi», «Tilimizning ishlanishi») va tarjima («Tarjima to’g’risida jindak», «So’z, so’z, suz») masalalariga bag’ishlangan maqolalari bilan 20-yillarda adabiy tanqid, san’atshunoslik, tilshunoslik va tarjimashunoslik sohalarining paydo bo’lishi va shakllanishiga katta hissa qo’shdi. Cho’lpon adabiy merosining salmokli qismini tarjima asarlar tashkil etadi. U Moskvada yashagan yillarida moddiy ehtiyoj orqasida ko’pgina o’tkinchi asarlarni tarjima qilishga majbur bo’ldi. Lekin shu bilan birga Cho’lpon A.S.Pushkin («Boris Godunov», «Dubrovskiy»), N.V.Gogol («Tergovchi»), I.S.Turgenev («Cho’ri qiz»), I.Franko («Million», «Feruza»), L.Andreyev («Gubernator», «Osilgan yetti kishining hikoyasi»), A.P.Chexov («Qochoq»), A.M.Gorkiy («Ilgaklar», «Ona») singari rus va boshq xalqlar adabiyotining mumtoz asarlarini ham katta mahorat bilan tarjima qilib, zamonaviy milliy tarjima maktabiga asos soldi. Cho’lpon tarjimasidagi U.Shekspirning «Hamlet» tragediyasi o’zbek tarjima san’atining shoh namunasidir. Cho’lpon sho’ro davlatining doimiy tazyiqi va nazorati ostida yashagani sababli uning ko’plab qo’lyozmalari o’g’irlandi. U 1937 yilda «xalq dushmani» sifatida ayblanib, qamoqqa olinishi arafasida va keyin ham barcha qo’lyozma asarlari kuydirib tashlandi. Shunga qaramay, Cho’lpondan bizga qadar yetib kelgan 10 jild hajmdagi original va tarjima asarlar o’zbek xalqining katta madaniy va ma’naviy boyligidir. O’zbekiston mustaqil respublika deb e’lon qilingach, Cho’lponning o’zbek madaniyatini rivojlantirish va xalq ommasini istiqlol goyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qo’shgan hissasi yuksak baholandi. Cho’lponga Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va «Mustaqillik» ordeni (1999) berildi. 1997 yil Cho’lponning 100 yilligi keng nishonlanib, Andijonda Cho’lpon uymuzeyi tashkil etildi, tillar pedagogika instituti va litsey Cho’lpon nomi bilan ataldi. O’zbek milliy akademik drama teatrida Cho’lpon xayoti va ijtimoiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi «Kunduzsiz kechalar» (Usmon Azim asari) spektakli sahnalashtirildi. As: yana oldim sozimni, T., 1991; Asarlar [3 j.li], 1—2j., 1999; adabiyot nadir, T., 1993. Ad.: Sharafiddinov O., Cho’lpon, T., 1991; Karimov N., Cho’lpon, T., 1991; Cho’lponning badiiy olami, T., 1993; Sharafiddinov O., Cho’lponni anglash, T., 1994; Quronov D., Ruhiy dunyo tahlili, T., 1994; Karimov N., Istiqlolni uyg’otgan shoir, T, 2000; Karimov N., Cho’lpon (ma’rifiy roman), T., 2003. Naim Karimov.