CHO’L CHIGIRTKASI

CHO’L CHIGIRTKASI, shistoserka (Schistocerca gregaria L.) — to’g’riqanotlilar turkumiga mansub hasharot. Qishloq xo’jaligi ekinlari uchun xavfli hammaxo’r zararkunanda. Shimoliy Afrika, G’arbiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida (Hindistonda ham) tarqalgan. Ko’plab urchigan yillari O’rta Osiyoga Afg’onistondan uchib o’tishi mumkin. Tana uzunligi 46— 61 millimetr. Yakka va gala bo’lib yashovchi shakllari mavjud. Gala bo’lib yashovchi Cho’l chigirtkasining jinsiy yetilmagani pushti, etilgani sariq (qora nuqtalari ham bor), yakka yashovchi Cho’l chigirtkasining lichinkalari sarg’ish yoki och yashil rangda bo’ladi. Bir yilda 2-3 avlod beradi. 1-si Janubda kuz-qish davrida rivojlanadi va voyaga yetgandan so’ng shimolga qarab ucha boshlaydi. Shimol rayonlarda yosh chigirtka voyaga yetadi va 2(bahorgi—yozgi) avlodni boshlab beradi. Bu avlodning rivojlanishi esa Janubda tutaydi. Janub Cho’l chigirtkasi tuproqqa tuxum qo’yadi. Lichinkalari 10-20 sutka o’tgach, chiqa boshlaydi; ularning rivojlanishi 30-50 kun davom etadi. Yog’ingarchilik boshlanishi bilan chigirtkalar soni keskin ko’payadi va areali ham vaqtincha kengayadi. Cho’l chigirtkasining o’rtachahar 10— 12 yilda bir marta ko’plab urchishi aniqlangan. Bu holat zararkunandaning doimiy rivojlanadigan makonlaridagi yog’ingarchilik bilan bog’liq. Cho’l chigirtkasining zarari ba’zi yillari tabiiy ofat darajasiga yetadi. Kurash choralari: zaharli xo’raklar sochiladi, o’simliklarga insektisidlar sepiladi, shuningdek, Cho’l chigirtkasi yashaydigan makonlarida yo’qotiladi.