CHULIM
CHULIM — Sibir (Rossiya Federatsiyasi Krasnoyarsk o’lkasi va Tomsk viloyati) dagi daryo. Ob daryosining o’ng irmog’i. Uzunligi 1799 kilometr, havzasining maydoni 134 ming kilometr kvadrat. Kuznesk Olatovidan boshlanuvchi Beliy va Chyorniy Iyus daryolarining qo’shilishidan hosil bo’lgan. Asosan, qordan to’yinadi. O’rtacha suv sarfi 785 metr kub/sekund. Oktabr— noyabrda muzlab, aprel— mayda muzdan bo’shaydi. Yirik irmoqlari o’ngdan: Kemchug, Chichkayul; chapdan — kiya, Serej, Uryup, Yaya. Yog’och oqiziladi. Quyilish joyidan 1173 kilometr masofada kema qatnaydi. Chulim bo’yida Nazarovo, Achinsk, Asino shaharlari joylashgan.