CHITGARLIK

CHITGARLIK — bo’z matoga o’yma yog’och qolip yordamida gul bosish kasbi. Chitgarlar ilgari barcha jarayon (to’qish, bo’yash va gul bosish) ni ustaxonalarda bajarishgan. 19-asrning 1-yarmigacha Chitgarlik san’ati, asosan, Farg’ona vodiysi (Qo’qon, Xo’jand, Namangan, Marg’ilon, Chust va boshqa shaharlarda), Buxoro (Vardanzi, Romitan, G’ijduvon va boshqalar), Samarqand (Urgut, Kattaqo’rgon), Toshkentda rivojlangan. Ayniqsa, Xorazm chitgarlari (Xonqa, Xiva, Urganch, Hazorasp) juda nozik did bilan gul bosishgan. Mato dastlab qozonda qaynatilib olingan, maxsus tezob (buzg’unch) bilan ishlov berilib, so’ng quritilgan. Matoga gul qo’lda yog’och qolip yordamida (naqshning asosiy shakli qattiq nok yog’ochidan ishlangan qolip bilan qora tusda) tushirilgan. So’ng mato yana ma’lum vaqt davomida rangli suvda qaynatilib, oqar suvda chayilgan. Tayyor, gulli chitga qo’shimcha ranglar ham berilgan (yetti xilgacha). Chitga Anorgul, tol bargi, qizil gul, shoxchalar va boshqa gullar tushirilgan. 19-asr 2-yarmidan Toshkent badiiy kashtalaridan olingan palak nusxa keng tarqalgan. O’rta Osiyo bozorlarida fabrikada ishlab chiqarilgan chitlar ko’payishi munosabati bilan Chitgarlik san’ati asta-sekin 1950-yillarda barham topdi; faqat 80 yillardan ota-bobolarining kasbini davom ettirgan toshkentlik ustalar (H. Raximov, A. Raximov va boshqalar) ijodida qayta tiklana boshladi. 90-yillar Chitgarlikda o’ziga xos rivojlanish bosqichi bo’ldi: choyshab, dasturxon kabi badiiy buyumlar bilan bir qatorda zamonaviy liboslarni ishlab chiqarishda ham Chitgarlik san’ati keng qo’llaniladi. An’anaviy shakdtsagi «oy», «yulduz», «bodom»simon gular bilan birga islimiy naqshlardan ham keng foydalaniladi, mato ranglarining uyg’unligi bilan ajralib turadi. Sayyora Mahkamova.