CHIG’ATOY TOHIR
CHIG’ATOY TOHIR (Tohir Shokurzoda) (1902, Toshkent — 1984.27.6, Turkiyaning Bursa shahri) — faylasuf. Toshkentdagi eski maktabda, keyin yangi usul va rus tuzem maktablarida bilim oldi. So’ng Ufadagi «Madrasai oliya»da, Boku (1915-17) da tahsil ko’rdi. 1922 yil Germaniyaga borib, Xaydelberg universitetida falsafa, sotsiologiya va iqtisodiyot fanlari bilan shug’ullandi. Shu universitetning falsafa fakultetida «Turkiston iqtisodiyoti» mavzusida drlik dissertatsiyasini himoya qildi (1931). Chig’atoy 1929-39 yillarda Berlinda chiqadigan «Yosh Turkiston» jurnal mas’ul kotibi va xodimi. 1939 yildan umrining oxirigacha Turkiyada yashadi. Anqara universiteti dotsenti va professor (1953-62), ijtimoiy fanlar bo’limi mudiri (1971 yilgacha). Chig’atoy ning «Qizil imperializm» (Istanbul, 1958-62), «Turkistonda turkiylik va xalqchilik» (Istanbul, 1951, 1954, 1967, 1969), «Turkistonda milliy ozodlik harakatidan lavhalar» (1959) kabi kitoblari nashr etilgan. Sherali Turdiyev.