DONATELLO

DONATELLO (Donatello, asli Donato Di Nikkolo Di Betto bardi, taxminan 1386 — Florentsiya — 1466.13.12) — italiyalik haykaltarosh, Italiya Uyg’onish davri haykaltaroshligi asoschilaridan. Donatello ijodida Uyg’onish davriga xos bo’lgan voqelikni tasvirlashda yangi, realistik tasvir vositalarini izlash, insonga va uning ruhiy olamiga e’tibor o’z aksini topgan. Florentsiya sobori yon peshtoqlari uchun ishlangan avliyolar haykallari (1406— 08)da gotikaga xos xususiyatlar saqlangan. Avliyo Georgiy haykali (marmar, 1416)da insonparvarlik va vatanparvarlik g’oyalari ko’tarinki ruxda aks ettirilgan. Donatello bo’rtma tasvir (relef)da chiziq perspektiva imkoniyatlaridan foydalanib o’ziga xos nafis relef san’atini yaratishga muyassar bo’lgan (Paduyadagi Sant-Antonio cherkovi mehrobiga ishlangan relef, 1446— 50), antik davr shakllarini Uyg’onish davriga moslashtirib xaykaltaroshlik namunalarini («David», bronza, 1430), Uyg’onish davrining birinchi dunyoviy haykalini («Gattamelate», bronza, marmar, 1447-53 va boshqalar) yaratgan.