DIASPOR

DIASPOR (Yunoncha diaspora — tarqoq) — gidroksidlar kichik sinfiga mansub mineral. Kimyoviy formulasi — A1OON. Birinchi marta Ural tog’larida topilgan. Kimyoviy tarkibi 85% A12O3 va 15% N2O dan iborat. Goho tarkibida temir, marganes, xrom, galliy oksidlari ham bo’ladi. Rombik singoniyali. Qattiqligi 6,8—7,3, juda mo’rt. Zichligi 3400 kg/m3. Yupqa plastinkasimon, goho qisqa to’rtburchak, ustunsimon kristallar holida uchraydi. Rangi sarg’ishqo’ng’ir, oq, ko’kimtir, shishadek yaltiroq; qizdirilganda korundga aylanadi. Diaspor boksitning asosiy minerallaridan biri. Gipergen va gipogen sharoitlarda hosil bo’ladi. Diaspor granitli pegmatitlarda korund bilan birga, muskovitli va topazli gidrotermal yertomirlarda flyuorit, pirit bilan, ikkilamchi kvarsitlarda korund, kaolinit, alunit, rutil, gematit va boshqalar bilan birga uchraydi. O’rta dengiz boksitli provintsiyasida ma’lum. O’zbekistonda Markaziy Qizilqum, Hisor, Nurota, Zarafshon va Turkiston tizmalaridagi boksit konlarida byomit, gidrargillit, kaolin, Chatqol, Qorjontov va Qurama tizmalaridagi alunit konlaridagi ikkilamchi kvarsitlarda serisit, pirofillit va kvars bilan, Markaziy Qizilqumdagi najdaklarda korund, Margarit va xloritoid bilan birga uchraydi. Diaspordan alyuminiy olinadi.