DILSHOD OG’O BEGIM

DILSHOD OG’O BEGIM (? – 1383) — Amir Temurining xotinlaridan biri. Amir Temur 1374 yil Jeta (Mo’g’uliston) hukmdori Qamariddinga qarshi qo’shin tortib, raqibini ta’qib etib Uchfarmon va Otboshi orqali sharqdan Farg’ona vodiysiga kirganda, o’g’li Jahongir Mirzo Qamariddinning lashkarboshisi Shamsuddinbekning xotini buyon og’o va qizi Dilshod Og’oni asir tushirib otasi o’rdugohi (arpa mavzei) ga keltirgan. Amir Temur Dilshod og’o begimga mayl bildirib unga uylangan. Dilshod og’o begim Amir Temurning harbiy safarlarida unga doimo hamroh bo’lgan. Amir Temur Xurosondagi Xabushon shahri (hozirgi Kuchon) ni egallagan paytda (1383) Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, «…Mahdi ulyo Dilshod og’og’a marazi paydo bo’lib, Samarqand sori yibardilar… To’ngquz yilida, yetti yuz sekson beshda (1383 yil yozi) hazrat Sohibqironning Xaram muhtarami Dilshod og’o vafot bo’ldi» («Zafarnoma», T., 1997, 98-6.). Dilshod og’o begimdan farzand boryo’qligi haqida aniq ma’lumot yo’q.