DIPLOMATIK MUZOKARA

DIPLOMATIK MUZOKARA – davlatlar vakillarining siyosiy, iqtisodiy masalalarni hamda ikki tomonlama va ko’p tomonlama munosabatlarga oid boshqa muammolarni rasmiy muhokama qilishi. Maqsad — tashqi siyosiy strategiya va taktikani yoki tegishli diplomatic tadbirlarni o’zaro kelishib olish, fikr almashish, shartnomalarni tayyorlash va tuzish, nizoli muammolarni hal etish va hokazolar. Diplomatik muzokara — davlatlar orasida vujudga kelib turadigan nizolar va mojarolarni tinch yo’l bilan hal etishning asosiy vositasi, o’zaro munosabatlarni rivojlantirish hamda chuqurlashtirishning xalqaro huquqla mustahkamlangan uslublaridan biri. Diplomatik muzokara qatnashchilari lavozimi (davlat boshlig’i, hukumat boshlig’i, tashqi ishlar vaziri va hokazolar) muhokama etiladigan muammolarning ahamiyati bilan belgilanadi. Umum tan olgan odatga binoan davlat boshlig’i, hukumat boshlig’i, tashqi ishlar vaziri Diplomatik muzokarani yuritish va maxsus vakolatlarsiz xalqaro shartnomalarni imzolash huquqiga ega; boshqa rasmiy shaxslar Diplomatik muzokarani yuritish va yakunlovchi hujjatlarni imzolash uchun tegishli tarzda rasmiylashtirilgan vakolatlarga ega bo’lishi shart. Diplomatik muzokara ularda ishtirok etuvchilarning shaxsiy uchrashuvlari yo’li bilan yoki yozma ravishda — diplomatik yozishma vositasida o’tkaziladi. Ko’pincha muzokaralarning og’zaki va yozma shakllaridan ayni bir vaqtda foydalaniladi. Qoida tariqasida Diplomatik muzokaradan oldin tayyorgarlik ishlari olib boriladi, jumladan, delegasiyalarning tegishli masalalarga yondashuvlari ishlab chiqiladi, yakunlovchi hujjatlarning loyihalari hozirlanadi va hokazolar.