EVKALIPT

EVKALIPT (Eisa1urgis) — mirtadoshlarga mansub doim yashil daraxt yoki butalar turkumi; dorivor o’simlik. Avstraliya va uning atrofidagi orollarda 500 dan ortiq turi tarqalgan. Tropik va subtropiklarda ko’p ekiladi (masalan, Braziliyada Evkalipt ekilgan maydonlar Avstraliya, Ispaniya, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari va boshqalardagidan ko’proq). G’arbiy Gruziya, Qrim va Ozarbayjonda Evkaliptning sharsimon, kulrang va xivchinsimon turlari o’stiriladi. Tanasi baquvvat, balandligi 80-100 metrgacha, shoxshabbasi siyrak. Barglari etli, chekkalari tekis. Gullari oq, ba’zan ochsarg’ish va to’qqizil, ikki jinsli, barg qo’ltig’idan chiqib qalqon yoki ro’vaksimon to’pgul hosil qiladi, mevasi ko’p urug’li ko’sakcha. Evkalipt issiqsevar va namsevar o’simlik. Unumdor yerlarda yaxshi o’sadi. 500 yilgacha yashaydi. Barglari yoz davomida teriladi, lekin kuzda terilgan bargi tarkibida tibbiyotda va parfyumeriyada ishlatiladigan efir moyi ko’p. Quruq bargi tarkibidagi efir moyi miqdori 1,5—3%. Evkaliptning boshqa 20 ga yaqin turi manzarali o’simlik sifatida hamda yog’ochi (qurilish va qog’oz sanoati) uchun o’stiriladi. Evkalipt tez o’suvchan bo’lgani tufayli (bir yidda 4-5 metr o’sadi) botqoq yerlarda ekilganda botqoqlarni quritib, tuproq tarkibini yaxshilashda muhim rol o’ynaydi. Urug’idan ko’paytiriladi.