ELEKTR TA’MINOTI

ELEKTR TA’MINOTI — elektr energetikasining sanoat, qishloq xo’jalik, transport, shahar xo’jaligi, aholi va boshqalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash hamda uning taqsimoti bilan shug’ullanadigan bo’limi. Unga elektr energiya manbalari, kuchlanishni oshiruvchi va pasaytiruvchi elektr stansiyalari, ta’minlash-taqsimlash elektr tarmog’i, turli yordamchi qurilmalar va inshootlar kiradi. Ishlab chiqariladigan elektr energiyasining asosiy qismi sanoat ehtiyojlari uchun ishlatiladi. Elektr ta’minotining asosiy manbalari elektr stansiyalari, hududiy energetika tizimlarining energiya bilan ta’minlash tarmoqlari. Yirik sanoat korxonalari va shaharlarni ham energiya, ham issiqdik bilan ta’minlash uchun issiqlikelektr markazlari IEM (tes) dan foydalaniladi. Bularning quvvati sanoat korxonalari va shahar xo’jaligining energiya va issiklikka bo’lgan ehtiyoji bilan belgilanadi. Elektr ta’minoti tizimida ko’pincha yuqori kuchlanishli tok ishlatiladi. Maishiy korxonalar va uyro’zg’orda 220 V (kamdan kam hollarda 110 V), yirik sanoat korxonalari, transport va shahar xo’jaligida 110 va 220 kv, ayrim yirik sohalarda 330 va 500 kv kuchlanishli elektr energiyasidan foydalaniladi. Elektr ta’minoti tizimining sxemasi elektr energiyasi manbaidan energiyani iste’molchilarga uzatishda oraliq kommutatsiya va transformatsiya (kuchlanishni o’zgartirish) bosqichlari soni kam bo’lishiga, energiya manbaini iloji boricha iste’molchiga yaqinroq qilib qurishga asoslanadi. Energiyani iste’molchilarga uzatishda kabelli va simli uzatish usullaridan foydalaniladi. Kuchlanishni o’zgartiruvchi (asosan, pasaytiruvchi) stansiyalar iste’molchilar zich joylashgan hududning o’rtarog’iga quriladi. O’zbekistonda Elektr ta’minoti asosan, 20-asr boshlarida Toshkentda 2 elektr stansiya qurish bilan boshlandi. Eng yirik GESlar: Chorvoq GES, Xo’jakent GES, G’azalkent GES, Farhod GES, eng yirik issiqlikelektr markazlari (IEM): Farg’ona IEM, muborak IEM, Toshkent IEM; yirik elektr uzatish liniyalari (EUL) soni 20 dan ortiq. Respublika shaharlari va qishloqlarini elektr bilan ta’minlash markazlashtirilgan. Toshkent shahrida dastlabki elektr stansiyalari 20-asr boshlarida qurilgan. Markazlashgan shahar Elektr ta’minotining boshlanishi Bo’zsuv GES ning birinchi navbati (1926) va 6 kv kuchlanishli o’zgaruvchan tok kabel tarmog’ining ishga tushirilishi bilan bog’liq. Hozir asosiy shahar Elektr ta’minoti manbalari: Toshkent DIES, Toshkent issiqlik elektr markazi (IEM), Toshkent GES lari kaskadi. Bundan tashqari, Elektr ta’minoti tizimida 60 dan ortiq kichik stansiyalar, transformator punktlari, taqsimlash punktlari, kabel va havo simlari bor. (2005). Ergash Shoismatov.