ELITA
ELITA (Fransuzcha — eng yaxshi, sara) — sotsiologiya va siyosatshunoslikdagi tushuncha. Jamiyatda boshqaruv vazifalarini bajaruvchi, fan va madaniyatni rivojlantiruvchi oliy imtiyozli ijtimoiy qatlamni anglatadi. Elita nazariyasi Platon, Karleyl, Nisshe tomonidan olg’a surilgan bo’lsa ham, qarashlar tizimi sifatida 20-asrda V. Pareto, G.Mosko, Ch.Mills va boshqalar tomonidan ta’riflab berildi. Ushbu nazariyaga ko’ra, Elita tug’ma iste’dodli odamlar orasidan paydo bo’ladi. Elitaning 5 toifasi — siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy, harbiy va mafkuraviy Elita ajratib ko’rsatiladi. Ular bir-biriga moslashadi va totalitarizm vujudga kelishining oldi olinadi. Iqtisodiy Elitaga, jumladan, yirik biznesmenlar, sanoatning yetakchilari, moliya magnatlari kiritiladi, ular oldindan ko’ra bilish, tashabbuskorlik va ishbilarmonlik iste’dodi bo’lgan shaxslar hisoblanadi. Elita nazariyasiga ko’ra, tashabbuskor va ishchan har qanday odam, ishi yurishib ketsa, Elitaga kirishi mumkin.
ELITA — selektsiya natijasida olingan va ko’paytirish yoki urchitish uchun foydalaniladigan eng yaxshi urug’, o’simlik yoki hayvonlar. O’simliklar selektsiyasida yangi nav chiqarish uchun populyasiyadan, urug’chilik ekilayotgan navdan tanlab olinadigan eng sara o’simliklar avlodi Elita deyiladi. Elita urug’lar nashing xususiyatlari va irsiy belgilarini avlodga to’liqroq o’tkazadi, keyingi reproduktsiyalarga nisbatan eng yuqori nav sofligiga, 1-sinf standartidan kam bo’lmagan unuvchanlik sifatlariga ega bo’ladi. Elita urug’lari ilmiy tekshirish muassasalari va qishloq xo’jalik oliy o’quv yurtlarining o’quv tajriba xo’jaliklarida nav almashtirish va nav yangilash uchun yetishtiriladi. Chorvachilikda Elita va Elita rekord sinflariga ekstereri, Konstitutsiyasi, nasliy sifatlari va mahsuldorligi bo’yicha 1-bonitirovka sinfiga qo’yiladigan talablardan yuqori bo’lgan chorva hayvonlari kiritiladi.