ELEKTRON EMISSIYA

ELEKTRON EMISSIYA — qattiq jism yoki suyuqlikning elektr maydon, qizdirish, elektromagnit nurlanish, elektronlar oqimi va boshqalar tashqi omillar ta’sirida elektronlar chiqarishi. Uning avtoelektron emissiya, termoelektron emissiya, fotoelektron emissiya, ikkilamchi emissiya va boshqalar turlari mavjud. Tashqi omillar ta’sirida qattiq jism yoki suyuqlikdagi elektronlarning bir qismi jism sirti chegarasidagi potentsial to’siqni yengib o’tishga etarli energiya olganda yoki elektr maydon ta’sirida potentsial to’siq jism ichida eng yuqori energiya olgan elektronlar uchun kuchsiz (shaffof) bo’lib qolganda Elektron emissiya yuz beradi. Elektron emissiyani kuzatish uchun jism (emitter) sirtida elektronlarni tezlashtiruvchi tashqi elektr maydon vujudga keltirish lozim. Bu elektr maydon emitter sirtidan elektronlarni «so’rib oladi». Elektron emissiyadan ilmiy tekshirish ishlarida, elektron asboblar va lampalar yaratishda foydalaniladi.