Petropavlovskaya qal’asi qachon qurilgan va u nega shunday nom olgan?
Peterburgdagi Petropavlovskaya qal’asi Rossiya tarixidagi eng ajoyib obidalardan sanaladi. Dastlab Sankt-Peterburg deb atalgan qal’aning poydevori 1703 yil 13 may kuni Zayache orolida tashlangan edi. Qal’ani shitob bilan qurish zarur bo’lgan, chunki o’sha pallalarda Rossiya shvedlar bilan 1700 yildan 1722 yilga qadar davom etgan va keyinchalik Shimol urushi deb nom olgan urushni davom ettirayotgan edi. Shved qo’shinlari dengizdan ham, quruqlikdan ham tahdid solayotgandi va podshoh Petr I dushman yo’lida uning Rossiya ichkarisiga siljishini to’sish maqsadida Baltikada qal’a qurishga oshiqdi. Jadallashtirish maqsadida uni yog’och va tuproqdan, ya’ni qo’l etishi oson bo’lgan materiallardan tiklay boshladilar. 1703 yilning iyunida qal’a ichida aziz-avliyolar Petr va Pavelning cho’pkori kalisosining poydevori tashlanadi. Aynan shu qal’adan xuddi uning o’zidek — Sankt-Peterburg — Ayo Petr shahri nomini olgan shaharning ham bunyod etilishi boshlanadi. 1706 yilda yog’och va tuproq qal’a istehkomlarini birin-ketin qaytadan qurish va ularni toshdan tiklashni boshlaydilar. Biroz keyinroq, 1712 yilda Sankt-Peterburg Rossiya davlatining poytaxtiga aylandi, aziz-avliyolar Petr va Pavelning cho’pkori kalisosi o’rnida xuddi shu aziz avliyolarning nomi berilgan tosh jome’ bunyod etdilar. Jome’ni me’mor D. Trezini o’z loyihasi asosida qurgan. Podshoh Petr I xohishiga ko’ra u birinchi navbatda xoch ko’tarib uchayotgan farishta tusmolidagi flyuger bilan ziynatlangan uchdor jomminorni tiklaydi. Bu jome’ni Petropavlovskaya deb atadilar, chunki u aziz-avliyolar Petr va Pavel kalisosi o’rnida qurilgan edi, shundan keyin esa Sankt-Peterburg qal’asining o’zi ham jome’ nomi bilan — Petropavlovskaya deb yuritila boshladi. 1720 yilning avgustida, jome’ qurilishi hali bitmagan bir paytda podshoh Petr I o’z ayonlari bilan uning jomminoriga ko’tariladi va o’sha joydan butun shaharni mehr bilan tomosha qiladi. Jome’ faqat 1733 yilda, ya’ni uning poydevori tashlanganidan so’ng 30 yil o’tgach tamomila qurib bitkazilgan. Petr I vafot etganida uni hali qurib bitkazilmagan jome’ning janubiy devori yoniga ko’mishadi va o’shandan beri bu ibodatxona Rossiya podshohlarining xilxonasiga aylandi.