ELYUAR POL
ELYUAR POL (taxallusi; asl nomi Ejen Emil Pol Grendel, Oppslel) (1895.14.12, Sendeni, Sena departamenti — 1952.18.11, Sharanton) — frantsuz shoiri. Dastlab, 1919 yil dadaizm (modernizm yo’nalishidagi adabiy-badiiy oqim) ruhida jumboq va tushunish bir qadar og’ir bo’lgan she’rlar yozgan («Hayvonlar va ularning egalari, odamlar va ularning hayvonlari», 1920; «namunalar», 1921). 1924 yil A.Breton, L.Aragon va boshqalar bilan birgalikda syurrealizm yo’nalishida ijod qiluvchilarning namoyandasiga aylangan. Keyinchalik fashizmga qarshi xarakterdagi dostonlar yozgan («1936 yil noyabr», «Gernika g’alabasi», 1938). Elyuar lirikasida birodarlik, mehnat ulug’langan («Qayg’u yomg’iri», 1926; «haqiqiy hayot», 1932; «Atirgul hamma uchun», 1934 va boshqalar to’plamlari), «ochiq kitob I» (1940), «ochiq kitob II» (1942) va boshqalar asarlarida vatanparvarlik tuyg’ulari aks etgan. Elyuarning «Ozodlik», «She’riyat va 1942 yil haqiqati» she’rlari qarshilik ko’rsatish harakatining dasturiga aylangan. «Siyosiy she’rlar» (1948), «axloq sabog’i» (1949), «Feniks» (1951) va boshqalar to’plamlarida tinchlik va erkinlik uchun kurash g’oyalari ilgari surilgan. Vafotidan so’ng unga Xalqaro tinchlik mukofoti berilgan (1953).