TAZKIRA

TAZKIRA (Arabcha — eslatmoq, zikr etmoq) — o’rta asr forsiy va turki y tillardagi adabiyotshunoslik janrlaridan biri. Keng ma’noda — tarix, tasavvuf, san’at sohasidagi voqea va shaxslar haqida esdalik ruhidagi asar, mas., «Tazkirat ulavliyo» (Farididdin Attor), «Tazkirai Muqimxoniy» (Muhammad Yusuf), «Tazkirai xattoton» (Rudakiy), «Tazkirai avliyoi turkiy» (Rushdiy) va b. Tor ma’noda — shoirlar hayoti va ijodi haqida ma’lumot, asarlaridan namunalar keltirib tuzilgan to’plam. Tazkirada bir necha asrda yashagan yoki muayyan davr shoirlarining hayoti va ijodi haqida turli tarzda ma’lumot beriladi. Shoirlarni qamrab olish jihatidan tarixiyzamonaviy va zamonaviy Tazkiraga bo’linadi. Tarixiy-zamonaviy Tazkirada bir necha asr davomida yashab ijod etgan shoirlar haqida («Lubob ulalbob» — Avfiy, «Tazkirat ushshuaro» — Davlatshoh Samarqandiy va boshqalar), zamonaviy Tazkirada esa tuzuvchining zamondoshlari haqida («Majolis unnafois», «Tazkirat ushshuaro» — Mutribiy va boshqalar) bahs yuritiladi. Asarda shoirlar har xil uslubda — «abjad» tizimida, sulola va Arab alifbosi asosida, geografik uslubda, Tazkira tuzuvchi tomonidan shaxsan ko’rganlik, ijodiy muloqotda bo’lgan bo’lmaganlik asosida joylashtiriladi. Shoirlar haqidagi ma’lumotlar alohida kichik maqola — fiqradan iborat bo’ladi. Unda shoirning ismi, taxallusi, qaerdanligi, ijodi, she’rlaridan namunalar, tabiatidagi o’ziga xos xususiyati, qay darajada Shuhrat topganligi va boshqa she’riy yoki nasriy tarzda bayon etiladi. Ba’zan 2 tilda ma’lumot berish hollari ham uchraydi («Majmuai shoiron»). Tazkiralar tuzuvchisining adabiy-estetik uslublari qaysi adabiy yo’nalishiga mansubligi jihatidan farklanadi. Sharq adabiyotshunosligida bizgacha yetib kelgan dastlabki Tazkirani Abu Mansur as-Saoyaibiy, o’zbek adabiyotida Alisher Navoiy yaratganlar. Adabiyot tarixini o’rganishda Tazkiralarning ahamiyati katta. Habib Abdunazar.