TAYVAN

TAYVAN, Formoza — tinch okeandagi Orol, Osiyoning Janubiy Sharqiy qirg’oqlari yaqinida, materikdan tayvan bo’g’ozi orqali ajralgan. Atrofidagi mayda orollar bilan Xitoy provintsiyasini tashkil etadi. Maydoni 36 ming kilometr kvadrat. Ma’muriy markazi — Taybey shahri. Aholisi 22,3 million kishi (2001), 1 kilometr kvadratga 621,7 kishi to’g’ri keladi. Rasmiy til — Xitoy (mandarin) tili. Aholi buddizm, daosizm va xristian dinlariga e’tiqod qiladi. Pul birligi — yangi Tayvan dollari. Tayvanning qirg’oq chizig’i tekis, Sharqiy qismida Tayvanshan suvayirg’ich tizmasi o’tgan. G’arbiy sohili tekislik. Shimolda bir necha so’ngan vulqon bor. Kuchli zilzilalar bo’lib turadi. Iqlimi shimolda subtropik, Janubda tropik, mussonli iqlim, yanvarning temperaturasi 15— 20°, iyulniki 25-30°. Yillik yog’in 1500-2500 millimetr. Tez-tez tayfun bo’ladi. Daryolari sersuv. Hududining yarmiga yakini doim yashil o’rmon bilan qoplangan, 3300 metrdan baland qismi butazor va o’tloqlar. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, ko’mir qazib olinadi, oltingugurt konlari bor. Tekisliklarda sholi, choy, batat, shakarqamish, ananas va hokazolar ekiladi. Orol haqidagi dastlabki ma’lumotlar 1-2-asrlardagi Xitoy manbalarida uchraydi. 1590 yilda Tayvanni portugallar bosib olib, Formoza (go’zal, nafis) deb ataganlar. 1624 yildan gollandlar nazoratida bo’ldi. 1861 yilda ulardan ozod etilib, ma’muriy jihatdan Xitoyning Futszyan provintsiyasi tarkibiga kiritildi. 1887 yilda esa alohida provintsiya kilib ajratildi. 1894-95 yillardagi Yaponiya — Xitoy urushidan so’ng Orol yaponlarga o’tdi. 2-jahon urushida yaponlar yengilgach, Tayvan 1945 yilda Xitoyga qaytarildi. 1949 yilda XXR tashkil etilgach, mag’lub bo’lgan gomindanchilar Tayvanga o’rnashib oldilar va «Xitoy Respublikasi hukumati»ni tuzdilar. Tayvanda amal qilinadigan Konstitusiyaga muvofiq Tayvan hukumati Orolni 6 yil muddatga saylangan prezident boshqaradigan «Xitoy Respublikasi» deb nomladi. XXR hukumati esa Tayvan ma’muriyatiga «bir davlat — ikki sistema» shaklini taklif etdi. Unga muvofiq Orol tinch yo’l bilan yagona Xitoy yurisdiktsiyasi ostidagi o’z ijtimoiy tizimiga ega ma’muriy rayon bo’lishi lozim. Tayvan hukumati esa bunga qarshi va u «bir mamlakat — ikki hokimiyat» shaklini taklif etmoqda. Tayvanning oliy boshqaruv organlari — Milliy Majlis va 5 asosiy palata (yuan) dan iborat. Prezident, Milliy Majlis va palatalar 6 yil muddatga saylanadi. 40 dan ortiq partiya ro’yxatga olingan, yetakchi partiyalar — demokratik progressiv partiya, Gomindan partiyasi (millatparvar partiya). 2-jahon urushidan so’ng Tayvan iqtisodiy o’sish va eksport bo’yicha dunyoda eng yuqori sur’atlarga ega bo’lib, iqtisodiy jihatdan kuchli ma’muriy tuzilmaga aylangan. Hozirda Tayvan Sharqiy Osiyoning «To’rt kichik iqtisodiy ajdar»i — Koreya Respublikasi, Singapur va Syangan guruhidagi ,yangi industrial mamlakat hisoblanadi. 1991 yildan OsiyoTinch okean iqtisodiy hamkorligi tashkilotiga a’zo. Tayvanning yalpi ichki mahsuloti 270 milliard dollardan ziyod bo’lib, jahonda 20-o’rinni egallaydi. Iqtisodiy o’sish sur’ati — 65,1%. Kompyuter, elektron uyro’zg’or apparaturasi, kiyimkechak, poyabzal, sport yaxtalari ishlab chiqarish. bo’yicha jahon xo’jaligida yetakchi o’rinni egallaydi. Tayvan elektronika tarkibiy kismlari, mebel, to’qimachilik, metallurgiya, kimyo, aniq mashinasozlik mahsulotlarining yirik eksport qiluvchisi. Asosiy sanoat tarmoqlari: to’qimachilik, radioelektronika, kemasozlik, oziq-ovqat, tsement, o’rmon-yog’ochsozlik, po’lat eritish. Yirik sanoat shaharlari: Taybey, Szilun, Taychjun, Gaosyun. Kamfara ishlab chiqarish. va eksport qilishda dunyoda 1o’rinda. Hududining 24% ekin maydoni. Asosiy ekini — sholi, shuningdek, shakarkamish, batat, ananas ham etishtiriladi; choy plantatsiyalari bor. Chorvachilikda qo’y boqiladi. Baliq ovlanadi. Tayvanni dunyoning 29 davlati tan olgan. Asosiy savdo hamkorlari — AQSh, Yaponiya, Syangan.