TAKASH
TAKASH – Alouddin Muhammad Xorazmshoh (to’liq ismi Alouddin Takash ibn Elarslon ibn Otsiz ibn Anushtegin) (taxminan 1152-1200.3.7) — anushteginiylar sulolasidan bo’lgan Xorazmshohlar davlatining hukmdori (1172-1200 yil). Takash otasi Elarslon vafoti arafasida Jand viloyati voliysi bo’lib turgan. Shuning uchun Elarslon kenja o’g’li Sultonshohda valiaxd qilib tayinlaydi va Sultonshoh taxtga o’tirgan (1172). Takash Sultonshohni tan olmasligini aytgach, Sultonshoh unga qarshi onasi maslahati bilan qo’shin jo’natgan. Takash esa qoraxitoylar malikasi Chen Tiyon (1164— 1177)ga har yili o’lpon to’lab turishi haqida va’da berib, o’gay ukasi Sultonshoh bilan kurashish uchun harbiy yordam so’ragan va undan olgan qo’shin bilan Gurganch (ko’hna Urganch)ga yurish qilgan. Sultonshoh va onasi Turkon xotun Xurosonga qochgan. Gurganchni qo’lga kiritgach, Takash 1172 yil 11 dekabrda halqning madadi bilan rasman Xorazm taxtiga o’tirgan. Lekin, ukasi bilan Xorazm taxti uchun yana 20 yil kurash olib borishga majbur bo’lgan. Sultonshoh vafotidan so’ng Xurosonning Toliqon Marvirud Hirot yo’nalishidagi yerlar Takashga o’tgan. U o’g’li Nosiruddin Malikshohni Marvga, boshqa o’g’li Qutbiddin Muhammad II ni Nishopurga voliy kilib tayinlagan. Shundan so’ng Takash Sharqiy Eronga o’z ta’sirini o’tkazish bilan birga, G’arbiy Eron ishlariga ham aralasha boshlagan. Takash Sultonshoxga qarshi kurashayotgan vaqtida (1172-1193) g’uriylar, saljukiylar va Abbosiy xalifalar, hatto ba’zan qoraxitoylar bilan ham yaxshi munosabatlarni saklab ular bilan do’stona maktublar yozishib turgan (bu maktublar mazmuni saqlanib qolgan). 1192-93 yillarda Saljuqiylar sultoni To’g’rul III Takash bilan yaxshi munosabatni saqlash uchun uning o’g’li Yunusxonga o’z qizini bergan va sulh shartnomasini tuzgan, bunga ko’ra Ray Xorazmshoh mulki deb tan olingan. Lekin, To’g’rul III shartnomani buzgan. To’g’rul shga xalifa shNosir ham qarshi bo’lib, u Takashga maktub yozib To’g’rul III ga qarshi kurashda yordam so’ragan. Takash 1194 yil 4 martdagi jangda To’g’rul III qo’shinlarini mag’lubiyatga uchratib, unga qaram yerlarni o’z tasarrufiga qo’shib olgan, lekin, xalifaga o’ljadan hech narsa tegmagan. Bu ular o’rtasidagi munosabatlarning buzilishiga olib kelgan. To’g’rul III vafot etgach, Eron va Iroqi Ajam yerlari Xorazmga o’tadi, Saljuqiylar sulolasi barham topadi. Takash o’sha yildan e’tiboran «Sulton» unvonini qo’llay boshlaydi. Takash 1195 yilda Kirmonni o’ziga bo’ysundirgan. Umrining oxirgi yillarida ismoiliylar bilan muvaffaqiyatli kurash olib borgan. 1200 yil xalifa bilan munosabati yana yomonlashgan Takash Bag’dodga yurish qilgan, lekin yarim yo’lda Nishopur va Xorazm oralig’idagi Shahriston shahrida vafot etgan. Takashning jasadi Gurganchga keltirilib o’zi qurdirgan katta madrasa qoshidagi maqbaraga dafn qilingan. O’rta asr mualliflarining yozishicha, Takash adolatparvar, iqtidorli, buyuk diplomat va lashkarboshi bo’lgan. Takash musiqani sevgan, udni juda yaxshi chalgan, hozirjavob bo’lishi bilan birga siyosiy ahvolni to’g’ri baholab, harbiy kuchdan to’g’ri foydalana olgan. Takash qipchoq xoni Jonkishining qizi Turkon xotunga uylangan. Uning bilan birga kelgan qipchoqlar keyinchalik mamlakat tanazzuliga sabab bo’lgan. Takash davrida Xorazmshohlar davlati kuchaygan. U o’g’li Qutbiddin Muhammadga markazlashgan mustahkam davlat va tashkiliy jihatdan qudratli qo’shinni meros qoldirgan. Ad.: Buniyodov Z., Anushtagin — Xorazmshohlar davlati (1097-1231), T., 1998; Tanoriy O., Jaloliddin Xorazmshohva uningdavri, T., 1998; Nasavi y Sh., Sulton Jaloliddin Manguberdi tarixi, T., 2000. Ne’mat Polvonov.