ERITROSITLARNING CHO’KISH TEZLIGI

ERITROSITLARNING CHO’KISH TEZLIGI — qon plazmasidagi oqsil komponentlarining o’zaro nisbati va turli kasalliklarda eritrositlar soni va hajmi o’zgarishlarini aniqlaydigan diagnostik ko’rsatkich. Bunda qon biror antikoagulyani (masalan, natriy tsitrat) bilan aralashtirilib, millimetrlarga bo’lingan shisha kapillyar nayga olinadi. Qon ikki qism: pastki qism (cho’kmasi) — shaklli elementlarga, ustki qism — plazmaga ajraladi. Bir soatdan so’ng nayning pastki qismida cho’kkan eritrositlarning balandligi o’lchanadi. Eritrositlarning cho’kish tezligining erkaklar uchun 3-10 millimetr soat, ayollar uchun 3-14 millimetr soati normal hisoblanadi. Eritrositlarning cho’kish tezligining kuchayishi yallig’lanish bilan kechadigan jarayon (masalan, pnevmoniya, sil, revmatizm, sepsis), shuningdek, to’qimalarning emirilish kasalliklari (miokard infarkti, o’smalar va boshqalar)da kuzatilib, bunda qon plazmasidagi fibrinogen, gammaglobulin va boshqalar miqdori ko’payadi. Homiladorlik davrida ham Eritrositlarning cho’kish tezligi ortadi.