ERKAQORI
ERKAQORI, Karimov Erkaqori (1877.17.12, Dang’ara tumani tumor qishlog’i — 1954.12.3, Qo’qon) — ashulachi, askiyachi, O’zbekiston xalq hofizi (1944). Katta ashula san’atining yirik vakillaridan; shirali, jarangdor ovoz sohibi. Bolaligida kasallik oqibatida ko’zi ojiz bo’lib qolgan. Qo’qon madrasasida tahsil ko’rgan. Yoshligidan Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlar bilan ijodiy aloqada bo’lib, o’zi ham she’rlar yozgan. Navoiy, Amiriy, Muqimiy, Kamiy, Haziniy, Charxiy va boshqalarning g’azallariga moslab katta ashulalar ijro etgan. Shuningdek, Erkaqori repertuaridan mumtoz va zamonaviy ashulalar, maqom yo’llari, masalan, «davo qilasiz» (Kamiy g’azali), «Chapandozi Gulyor» (Haziniy), «yangi bog'», «unutmanglar», «Zamondandir» (Charxiy), «Qo’qon Ushshog’i», «Chortoq» va boshqalar o’rin olgan. Chustiy, xastadil, Firoqiy singari shoirlar Erkaqori ijodidan ilhomlanib ashulabop she’rlar yaratishgan. Erkaqori Moskvada bo’lgan O’zbek san’ati dekadasi qatnashchisi (1937). Katta Farg’ona kanali quruvchilari va 2-jahon urushi yillarida jangchilar va mehnatkashlarga o’zining ruhlantiruvchi qo’shiq va ashulalari bilan madaniy xizmat ko’rsatgan. O’z davrining usta askiyachilaridan biri sifatida mashhur bo’lgan. Sherqo’zi Boyqo’ziyev, Ergash Haydarov, Rasulqori Mamadaliyev, Mehmonto’ra To’ychiyev va boshqalar Erkaqorining shogird va hamnafaslari edi. Ad:. O’zbekiston xalq sozandalari, 2-kitob, T., 1974.