ERKINLIK
ERKINLIK — kishining o’z istagi bo’yicha ish tutishi. Erkinlik tushunchasi huquqshunoslik, siyosatshunoslik, etika, estetika kabi ijtimoiy bilim sohalarida keng ishlatiladi. Masalan, vijdon erkinligi, so’z erkinligi, matbuot erkinligi va hokazolar. Erkinlik — boshboshdoqlikni emas, jamiyatdagi muayyan tartibni ifodalaydi. Erkinlik insonning jamiyat oldidagi vazifani bajarishni erkin, ixtiyoriy tanlashidir. Erkinlik insonning siyosiy, ma’naviy ta’qibdan, zo’ravonlikdan himoyalanganligini bildiradi. Erkinlik o’z baxtini o’zi yaratish vositasi bo’lib, insonning o’zligini anglash darajasini ifodalaydi. Inson erkinligi ob’yektiv shart-sharoit va vaziyatga bog’liqdir. U mavhum emas, u doimo konkretdir. Shaxs muayyan sharoit va vaziyatda tayin imkoniyatga tayanib aniq maqsadiga erishadi. Ammo, sharoit, vaziyat va imkoniyatlarga hamma ham bir xilda ega bo’lmasligi mumkin. Maqsadga erishishda kimgadir shartsharoit, kimgadir maqsadga erishish vositasi, kimgadir imkoniyat yetishmay qoladi. Muayyan vaziyatda va shartsharoitda kimdir maqsadga erishish uchun Erkinlikka ega bo’lishi yoki kimdir undan mahrum bo’lishi mumkin. Shaxsning erkinligini oshiruvchi omillarga u egallagan bilim va tajriba kiradi. Islom ta’limotida insonga erkin bo’lishi uchun aqlidrok berilgan deb aytiladi. Abu Mansur Moturidiy islomdagi Iroda erkinligini sharhlab, insonga berilgan aql-idrok unga o’z xatti-harakatida yaxshilik va yomonlikni, halol va haromni, savob va gunohni, to’g’ri yoki egri yo’lni tanlash erkinligini berdi, bizning kelajagimiz shu yo’llardan qay birini tanlay olishimizga bog’liq, deb uqtirgan. Inson erkin ongli faoliyati bilan hayvondan farq qiladi. Hayvonlar shartsharoit va vaziyatga qaramdir. Inson esa ongli ravishda maqsadga erishish yo’lini izlaydi.