TALQIN
TALQIN (Arabcha — tushuntirish, nasihat) — 1) o’ziga xos (3/8+3/4 yoki 9/8 takt o’lchovidagi) doyra usuli (lang yoki oqsoq deb ham yuritiladi); 2) shu usul asosida yaratilgan kuy, ashula va maqom yo’llari. Talqin yo’lidagi ashulalar dastlab nasihatomuz, ibratli mazmundagi she’rlar bilan ijro etilgani uchun shunday nom olgan. Talqin Shashmaqom ashula bo’limi tarkibida muayyan sho»ba bo’lib, Saraxbor va uning taronalaridan keyingi o’rinni egallaydi. Talqinlar Iroqdan tashqari barcha maqomlarda mavjud: Buzruk maqomida talqini Uzzol (Xorazm turkumida talqini Buzruk), rostda Talqini Ushshoq (Talqini Rost), Navoda Talqini Bayot (Talqini Navo), Dugoxda Talqini Chorgoh, Segohda Talqini Segoh deb nomlanadi. Talqinlar Nasr sho’balari va undagi Ufar qismlari bilan hamohang, mantiqan uzviy bog’liq bo’lib, birbiridan asosan doira usullari bilan farqlanadi. Nomdosh namunalarning kuy tuzilishi, avjda namudlarning kelishi ham bir xil. Talqinlar salobatli va ulug’vor yangraydi, chuqur lirik-falsafiy holatni ifodalaydi. Ularni mahorat bilan ijro etuvchi hofizlarni xalq orasida talqinchi, talqinxon deb atashgan. Talqin usulidagi hamda diniy mazmundagi she’rlarga o’qiladigan (xonaqoiy) ashula yo’llari mashhur bo’lgan; 3) badiiy asarlarning ijodkorona yondoshgan holda ijro etilishi. Ravshan Yunusov.