YETARLI ASOS QONUNI
YETARLI ASOS QONUNI – har bir fikrning asosli, isbotlangan bo’lishi, boshqa fikrlar bilan zaruriy bog’liqligi haqidagi mantiqiy qonun. Unda har qanday chin fikr asoslangan bo’lmog’i, ya’ni uning chinligi boshqa chin fikr bilan asoslangan, undan mantiqiy kelib chiqqan, u bilan isbotlangan bo’lishi lozim. Aks holda fikrdagi izchillik, mantiqiy tartib buziladi. Yetarli asos qonuni ob’yektiv munosabatlarni, xususan, borliqdagi sababiy bog’lanishlarni aks ettirish asosida shakllangandir. Mas, qirda bug’doyning yaxshi ko’karishi, mo’l hosil berishi yomg’irning o’z vaqtida yog’ib turishiga bog’liq. Yomg’ir yog’ishi bulutning paydo bo’lishi va to’planishiga, bu esa, o’z navbatida, yerdagi suvlarning yetarli darajada bug’lanishiga bog’liq. Demak, sabab va oqibat mavjudligi mutlaqo o’zgarmas xususiyat emas. Biroq, olamda har bir narsa va hodisa sabab va oqibat shaklida ko’rinishi mumkin, chunki tayin narsa va hodisalar emas, umumiy bog’lanish, o’zgarish, rivojlanish abadiydir. Yetarli asos qonuni ob’yektiv reallikni to’g’ri aks ettirish, jumladan fanning rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega.