YER TUZISH

YER TUZISH, yer tuzish tartibi — mamlakatda yerga bo’lgan munosabatlarni tartibga solish va mukammallashtirish, yerni ishlab chiqarish vositasi sifatida muhofaza qilish va undan samarali foydalanishga qaratilgan davlat tadbirlari tizimi. Yerdan to’liq ilmiy asoslangan tarzda oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, dehqonchilik madaniyatini oshirish va yerlarni muhofaza qilish maqsadlarini ko’zlaydi. Yer tuzish loyiha qidiruv, joy tafsilotini (s’yomka) va dala tadqiqoti ishlarini o’z ichiga oladi, uni yer tuzuvchi tashkilotlar amalga oshiradi. Yer tuzish yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni tashkil qilishga, yer resurslarini hisobga olish va baholashga, qulay ekologik muhitni vujudga keltirishga va tabiiy landshaft larni yaxshilashga, Yer tuzishning hududiy va ichki xo’jalik Yer tuzish rejalarini tuzishga qaratilgan tadbirlar tizimini o’z ichiga oladi. Yer tuzishning iqtisodiy (yerni asosiy ishlab chiqarish vositasi sifatida tashkil etish), huquqiy (yerdan foydalanish sohasida davlat organlari karorlarini amalga oshirishga qaratilgan davlat tadbirlari tizimi majmui); texnikaviy (loyiha qidiruv, joy tafsilotini tasvirlash va dala tadqiqoti kabi texnik ishlarni amalga oshirish) masalalari mavjud. Yer tuzish istiqbolga mo’ljallangan, loyihalash oldidan, xo’jaliklararo hamda ichki xo’jalik turlariga bo’linadi. Istiqbolga mo’ljallangan va loyihalash oldidan amalga oshiriladigan Yer tuzishda respublika va mintaqalarning yer-suv resurslaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish chizmalari; tumanlar va viloyatlar yer tizimi chizmalari tayyorlanadi, tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bog’liq istiqbol rejalari ishlab chiqiladi. Xo’jaliklararo Yer tuzishda joyning o’zida ma’muriy birliklar (qishloq, tuman, shahar, viloyat) chegaralari belgilanadi, yerlarning joylashishidagi noqulayliklarni bartaraf etgan holda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning yangi yer uchastkalarini tashkil qilish va mavjud yer uchastkalarini tartibga solish loyihalari tuziladi, yer munosabatlariga doir turli hujjatlar, ish loyihalari tuziladi, yerlarni baholash tadbirlari va boshqalar o’tkaziladi. Ichki xo’jalik Yer tuzish turli qishloq xo’jalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining xududini ichki xo’jalik negizida belgilab olib, ilmiy asoslangan almashlab ekishni joriy qilish, barcha qishloq xo’jalik yerlarini (pichanzorlar, yaylovlar, bog’lar, tokzorlar va boshqalar) joylashtirish, tuproq eroziyasiga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqish, shuningdek, sug’oriladigan yerlarni to’la rekonstruktsiyalashdan iborat. Yer tuzish tarkibida topografiya-geodeziya, xaritagrafiya, tuproq, agrokimyo, geobotanika jihatidan, tarixiy-madaniy va boshqa yo’nalishlarda ham tekshirishlar olib boriladi. Yer tuzish jarayonida foydalanishni qulaylashtirish uchun chegaralari turg’un bo’lgan optimal o’lchamdagi ixcham maydonlar tashkil etiladi. Ayni paytda qishloq xo’jalik korxonalarining ichki Yer tuzish ishlari sug’orish shoxobchalari va zovurlar tarmog’ini qayta qurish asosida takomillashtiriladi: almashlab ekish joriy qilinadi, hamma ekin maydonlari batafsil belgilab qo’yiladi. Yer tuzish ishlarini bajarishda tumanlar va xo’jaliklarning tabiiy, iqtisodiy va meliorativ sharoitlari: ishlab chiqarish hajmi, xo’jaliklar va ularning bo’linmalaridagi ixtisoslashuv, tarmoqlar nisbati va ularning rivojlanish ko’rsatkichlari, ishchi kuchi va ishlab chiqarish vositalari bilan ta’minlanganlik, aholining joylashuv tizimi, suv resurslari, sug’orish tarmoqlarining holati va boshqalar hisobga olinadi. Yer tuzish bo’yicha belgilangan hamma tadbirlar qishloq xo’jalik, suv xo’jaligi va turar joy qurilishiga zarur kapital sarflar hisob-kitoblari bilan asoslab beriladi. Ad.: O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, T., 1998; Yer tuzish asoslari, T., 1998. Qosimjon Rahmonov.