G’ARBIY OSIYO

G’ARBIY OSIYO, Old Osiyo – Osiyo qit’asining g’arbiy va Janubiy-g’arbiy qismida joylashgan hududlarning shartli nomi. G’arbiy Osiyoga tabiiy jihatdan kichik Osiyo, Arabiston, Sinay yarim orollari va ularga yondosh Orol va hududlar (Kipr, Kavkaz bo’yni, Sharqiy Tavr tog’lari va Eron tog’ligining katta qismi, Mesopotamiya pasttekisligi hamda O’rta dengizning Sharqiy sohilidagi hududlar, xususan, Levant o’lkalari) kiritiladi. Maydoni 7,5 million kilometr kvadrat. Tektonik tuzilishiga ko’ra Arabiston va Sinay yarim orollari qadimgi Gondvana materigining bo’laklari bo’lib, platforma tuzilishiga ega. G’arbidan Katta Afrika yer yorig’ining shimol qismi o’tgan. Iordan daryosi vodiysi, o’lik dengiz, Aqoba qo’ltig’i, qizil dengiz shu yoriqda joylashgan. G’arbiy Osiyoning katta qismi tog’lardan iborat. Kichik Osiyo, Kavkaz Janubiy va Sharqiy Tavr tog’lari Alphimolay geosinklinal o’lkasida. Relefi notekis, baland yosh tizmalar keng va chuqur vodiylar bilan kesilgan. Seysmik faol zona, harakatdagi va so’ngan vulkanlar bor. Iqlimi subtropik va quruq tropik. Arabiston yarim orolning katta qismi cho’l, ko’p qismi qumli cho’llar, shimolda quruq dashtlar bor. Kichik Osiyoning shimol qismlari, Kavkaz Janubiy-g’arbining iqlimi nam subtropik bo’lib, doim yashil o’rmon va butazorlar bilan qoplangan. G’arbiy Osiyo neft va gazga eng boy o’lkalardan. Qadimgi madaniyat markazlaridan. Suv bor joylar qadimdan o’zlashtirilib, vohalarga aylantirilgan. Yirik shaharlar bor. Xristian, yahudiy, Islom dinlarining markazi. G’arbiy Osiyoda Armaniston, Afg’oniston, Bahrayn, BAA, Gruziya, Iordaniya, Iroq, Isroil, Kipr, Quvayt, Livan, Misr (Osiyo qismi), Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Suriya, Turkiya, Ummon, Falastin, Eron, Yaman, Qatar davlatlari joylashgan.