FELZIT
FELZIT (nemischa Felsit) — nordon effuziv jinslarning mayda donador massasi bo’lib, kaliyli dala shpati (ortoklaz) va kvars, ba’zan nordon plagioklaz hamda to’q rangli minerallar (piroksen, biotit va boshqalar) dan tarkib topgan. Kimyoviy tarkibi bo’yicha Felzit dasitdan (SiO2 massasi bo’yicha 68%) riolitgacha (72-75%) o’zgarib turadi. Zichligi 2,2—2,4 g/sm3. Diagenez va boshlang’ich metamorfizm jarayonida vulkan shishasining qayta kristallanishidan hosil bo’ladi. Paleotip jinslar (kvarsli porfir, keratofir, ortofir) uchun xosdir. Ba’zan «Felzit» termini tog’ jinslari nomida uchraydi (masalan, felzodasit, felzofir). Felzit yuqori sifatli kislotabardosh material sifatida ishlatiladi. Konlari Shim. Kavkaz, Zakarpate, Vengriya, Germaniya va boshqalarda mavjud.