FAVQULODDA HOLAT
FAVQULODDA HOLAT – davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning alohida ish rejimi. Bunda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda yuridik shaxslarning huquqlariga maxsus qonun bilan belgilangan cheklashlarga yo’l qo’yiladi, shuningdek, ularga qo’shimcha majburiyatlar yuklanishi mumkin. Favqulodda holat, odatda, vaqtinchalik tadbir bo’lib, Real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, ichki qurolli mojarolar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko’zlab joriy etiladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandiga asosan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti respublikaning butun yoki uning ayrim joylarida Favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini 3 kun ichida Oliy Majlisning palatalari tasdig’iga kiritadi.