FAZLIY NAMANGONIY
FAZLIY NAMANGONIY (taxallusi; asl ismi Abdulkarim, 18-asr 2-yarmi — 19-asr 1-yarmi, Namangan) — shoir, adabiyotshunos. 19-asr boshlarida Turaqurg’on va Namanganda turli mansablarda ishlagan. Umarxon hukmronligi yillari (1810-22) Qo’qonga kelgan. She’riy iste’dodi tufayli xonning marhamatiga sazovor bo’lib, tez orada saroy shoirlarining boshlig’i — «Malik ushshuaro» nomini olgan. Umarxonning hayoti, faoliyati, harbiy yurishlari, hukmronligi davridagi voqealarni «Umarnoma» dostonida tasvirlagan. Xon topshirig’iga ko’ra, Fazliy «Majmuai shoiron» («shoirlar majmuasi», 1821) tazkirasini tuzgan. O’zbek adabiyotshunosligi tarixida ilk marta she’riy yo’l bilan yaratilgan mazkur tazkirada 19-asr boshlari Qo’qon adabiy muhitining 100 dan ortiq vakillari haqidagi qimmatli ma’lumotlar va asarlaridan namunalar mavjud. Shu jumladan, unda Fazliyning kasida va g’azallari, shoira Mahzuna bilan mushoirasi ham bor. Fazliyning «Devon» tuzgani ma’lum, ammo u topilmagan. Uning o’zbek va tojik tillarida yozilgan gazal, masnaviy, muxammas, ruboiy va tuyuqlari turli majmua va bayozlarda uchraydi. Fazliyning «Majmuai shoiron» tazkirasi 19-asr va 20-asr boshlarida qo’lyozma va toshbosma nusxalarda keng tarkalgan, asar adabiyot axli orasida katta Shuhrat topgan. Uning mukammal qo’lyozma nusxalari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 7510, 9914 va boshqalar). Fazliy Umarxon vafotidan so’ng (1822), Naman Ganga ketgan va o’sha yerda vafot etgan. As: O’zbek adabiyoti [4 j.li], 3j. T., 1959. Ad..Qayumov A., Qo’qon adabiy muhiti, T., 1961; Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy, T.. 1998; Vohidov Sh., Qo’qon tarixchilari Fazliy va Mushrif, T., 1996; Toshboltaeva T., «Majmuai shoiron» va uning muallifi, T., 2002. Rustamjon Tojiboev.