FAKULTET
FAKULTET (lotincha fakultas — imkoniyat, qobiliyat) — oliy o’quv yurtining o’quv-ilmiy, ma’muriy-tashkiliy bo’linmasi. Bir yoki bir necha yondosh mutaxassisliklar bo’yicha talaba va aspirantlarni tayyorlash, xalq xo’jaligi va madaniyatning tegishli sohasi xodimlarining malakasini oshirish, shuningdek, o’zi birlashtirgan kafedralarning ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish bilan shug’ullanadi. O’quv yurtlarining Fakultetlarga bo’linishi o’rta asrdagi universitetlardan boshlangan. Odatda, ilk universitetlarda 4 Fakultet mavjud bo’lgan. Sanoat rivojlangan, fan-texnika taraqqiyoti yuksalgan 18-19-asrlarga kelib, oliy maktablardagi Fakultetlar soni ko’paygan. Ixtisosliklar va ta’lim turlari bo’yicha o’quv ishlarini samarali yo’lga qo’yish uchun, ayrim hollarda, Fakultet tarkibida bulimlar tashkil etiladi. Fakultetdagi o’quv, ta’lim-tarbiya va ilmiy ishlarga dekan rahbarlik qiladi. Fakultet faoliyatidagi asosiy masalalarni ko’rib chiqish uchun dekan rahabarligida Fakultet ilmiy kengashi tashkil etiladi.