FALANGA

FALANGA (Yunoncha phalanx) — Yunonistonda og’ir qurolli piyoda askar (goplit) larning jips safga tizilgan ko’p qatorli jangovar tartibi. Falangada askarlar orasidagi masofa 0,5—1 metrni tashkil etgan. Falanga, asosan, 8-16 (ba’zan 25) katordan iborat bo’lib, safda turgan 1000 jangchi 500-1000 metrgacha frontga cho’zilgan. Falanga Troya urushigacha ma’lum bo’lsada, biroq, u miloddan avvalgi 6-asrga kelib to’la shakllanadi. Makedoniyalik Filipp ІІ Falanga tarkibiga muayyan o’zgarishlar kiritadi, uni suvoriylar bilan mustahkamlaydi. Makedoniya katta Falangasi 16384 goplitlar, 8192 peltastlar va 4096 otliq askarlardan tashkil qilingan. Falanganing loxos (16 goplitlardan iborat bir qator), sintagma (16 loxoslar) va kichik Falanga (16 sintagma)dan iborat bo’linmalari tuzilgan. Falanga safi (jangovar tartibi) kvadrat, ombir hamda o’yiq ko’rinishida bo’lgan. Falanga, asosan, uzun nayzalar yordamida ro’paradan qaqshatqich zarba berish uchun mo’ljallangan. Falanganing janggohda manyovr qilish imkoniyati nisbatan cheklangan. Harakat paytida Falanganing safi tez buzilib ketar edi. Falanga Qadimgi Rimda (miloddan avvalgi 4-asr oxiri) manipula (Legion bo’linmasi) safi joriy qilingunga qadar qo’llanilgan.