KO’HISIM

KO’HISIM (forscha — kumush tog’i) — Iloq davlati hududidagi kumush koni (6-11-asrlar). Ohangaron daryosining o’ng qirg’og’ida, Lashkarak va Loyak soylari bo’yida, Ko’hisim shahri xarobasi yaqinida. 20-asrning 20-yillarida Geologlar S. F. Mashkovtsev va A. P. Kirikov va 60-yillarda arxeolog Yu. F. Buryako bu yerda tadqiqotlar olib borgan. Arab geograflari — Istaxriy, Ibn Havqal, Qudama va boshqalarning yozishicha, Ko’hisim o’rta asrlar sharqida eng yirik kumush konlaridan biri bo’lgan. U yerdan eng ko’p kumush qazib olingan davr 7-9-asrlarga to’g’ri keladi. «Shosh koni» degan tamg’a bosilgan tangalar (8-asr) zarbxonasi aynan shu yerda joylashganligi aniqlangan. Ko’hisimdan kon qazuvchi qullar turar joylari va kon qazishda ishlatiladigan asboblar qoldiqlari topilgan.