IONOSFERA

IONOSFERA (ionlar … va Yunoncha sphaira — shar) — atmosferaning ionlar va erkin elektronlar kontsentratsiyasi ko’p bo’lgan yuqori qatlami. Yerdan 50— 80 kilometr balandlikdan boshlanadi. Kunduzi Ionosfera asosi 50-60 kilometr balandlikda, kechasi 80-85 kilometr balandlikda yotadi. Ionosferaning yuqori chegarasi — yer magnitosferasining tashki qismi. Ionosferada, asosan, kuyoshning ultrabinafsha va rentgen nurlari, kosmik nurlanishlar ta’sirida ionlar hosil bo’ladi. Yer atrofidagi kosmik fazodan atmosferaga kirayotgan zarralar oqimi yerning magnit maydoni ta’sirida qisman o’z yo’nalishini vintsimon o’zgartirib, atmosferaning atom va molekulalarini ionlashtiradi. Ionosferada elektronlar va ionlar soni teng bo’ladi. Kosmik raketa yordamida olingan ma’lumotlarga ko’ra, Ionosfera chegarasi yer sathidan taxminan 18— 25 ming kilometr balandlikkacha davom etishi aniqlandi. Faqat Ionosfera tufayli radioto’lqinlarni uzoq masofalarga uzatish mumkin.