IBROHIMOV NE’MATULLA

IBROHIMOV NE’MATULLA (1945.8.8, Marg’ilon) — sharqshunos, manbashunos olim, jamoat arbobi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1990). Filologiya fanlari Doktori (1984), professor (1985). Toshkent universitetining Sharq fakultetini tugatgan (1970). Shu universitetning Arab, Filologiya kafedrasida o’qituvchi, dotsent, professor (1970— 85), kafedra mudiri (1986 yildan), Sharq fakulteti dekani (1989-91), Toshkent sharqshunoslik instituti rektori (1991 yildan). Ibrohimov Arab manbalari bo’yicha O’rta Osiyo tarixini o’rganish, Arab xalq romanlari janr va uslubiy qurilishi bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Ibrohimovning asarlari Sharq va G’arb tillaridagi Nodir manbalarning chuqur tahliliga asoslangan. Ibrohimov manbashunoslikda yangi yo’nalishlardan biri — Sharq badiiy tafakkuri va elitar madaniyatlarning uzviy yagonaligi haqidagi kontsepsiya asoslarini yaratdi. Ibrohimov O’zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyati kengashi raisi (2001 yildan), «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi» Bosh tahrir hay’ati a’zosi (1997 yildan). O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi O’zbekistondan chetga olib ketilgan va xalq boyligi bo’lgan arxiv hujjatlarini qaytarib olib kelish bo’yicha maxsus komissiya raisi (2001). O’zbekiston Oliy Majlisi deputati (1995 yildan). As: Arabskiy narodniy roman, M., 1984; Ibn Battuta va uning O’rta Osiyoga sayohati, T., 1993; O’rta asr Arab xalq adabiyoti, T., 1994; Pozdnesrednevekoviy arabskiy Knijniy epos, T., 1994.