TARIXSHUNOSLIK
TARIXSHUNOSLIK – tarix fanining tarixini o’rganuvchi fan. Tarixshunoslik tarixiy bilimlar taraqqiyotini, muayyan tarixiy bosqichda yaratilgan ilmiy mahsulotlarni yoki ma’lum bir muammoga bag’ishlangan tarixiy tadqiqotlarni urganadi va taxlil qiladi. Tarixshunoslik nafaqat tarix, balki maxsus tarix fanlari (masalan, sharqshunoslik, etnologiya, arxeologiya va boshqalar) tarixi bilan ham shug’ullanadi. Tarixshunoslikning asosiy vazifasi tarix fani rivojini chuqur va har tomonlama xolisona anglashdan, muayyan taraqqiyot davrida to’plangan tarixiy bilimlarni tahliliy tadqiq etishdan, amalga oshirilgan ishlarning natijasini chiqarishdan hamda shu asosda tadqiq etilgan dolzarb muammolarni aniqlab, kelgusi tadqiqotlarning yunalishlarini belgilashdan, tarixchilarni muayyan tarixiyilmiy muammo doirasidagi adabiyotlarga yunaltirishdan iborat. Tarixshunoslik o’tmishda kechgan va bugungi kunda sodir bo’layotgan voqea-hodisalarning odamlar ongida qanday aks etishini, tarixiy adabiyotlar orqali ijtimoiytarixiy rivojlanish jarayonini kuzatish; jamiyat tarixiy rivojining turli bosqichlarida tarixiy bilimlarning o’sib borishi jarayonini kuzatish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, ma’lum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yo’nalishi bilan bog’liqlikda ifodalaydi, ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy muhitning tarix faniga ta’sirini, u yoki bu yunalishdagi rivojlanish va tanazzulga yuz tutish sabablarini aniqlaydi. Tarixshunoslik, shuningdek, fan taraqqiyotida o’z o’rniga ega bo’lgan ilmiy tadqiqot markazlari tarixini, unda faoliyat ko’rsatgan ilmiy kadrlarning salohiyati, ularning fan rivojiga qo’shgan hissalarini o’rganish kabi vazifalarni ham bajaradi. Tarixshunoslik tadqiqotlarining bir qancha tahlil usullari mavjud: qiyosiy іarixiy usul —turli tarixiy davrlarda tarixiy ma’lumotlar qanday paydo bo’ldi, harakatlandi, o’zgardi va rivojlandi, jamiyat taraqqiyotida tarixiy fikrlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi jarayonini aniklashda qo’llaniladi; aniq tahliliy usul — olib borilgan Tarixshunoslik tadqiqoti voqea-hodisalar tafsilotini kelib chiqish sabablari, rivojlanish jarayonini nazariy va faktik materiallarning o’zaro aloqasida tahlil qiladi, ularning fanda qanday yoritilganligini o’rganadi; mantiqiy tahliliy usul — Tarixshunoslikda katta imkoniyatlarga ega bo’lib, tarixiy muammoning o’ziga xos xususiyatlari, tuzilishi, boshqa tarixiy hodisalar bilan bog’liqligini o’rganishda qo’llaniladi. Boshqacha aytganda, ma’lum bosqich yoki davrda tarix fanining rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yo’nalishi bilan bog’liqlikda ifodalaydi; xronologik usul — voqea-hodisalar haqida turli bosqich yoki davrda to’plangan tarixiy faktlarni o’zaro bog’liqlikda o’rganishda qo’llaniladi. Bu esa turli zamonda ilmiy fikrlarning harakatini, muammoga yondashuvda kontsepsiyalar, qarashlar, g’oyalarning o’zgarib borishini xronologik tartibda takroriy yoki xilma-xil jihatlarini ochib beradi; davriylashtirish usulida ma’lum bir tarixiydavriy chegarada tarix fanining sifat, uslub va xususiyatlarining o’zgarishiga ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning ta’siri, har bir yangi bosqichda vujudga kelgan ilmiy g’oyalarni harakatlantiruvchi omil va yo’nalishlar aniqlanadi; retrospektiv tahlil — har bir ilmiy adabiyot o’z davriga taalluqli bo’lib, uning kuchli va kuchsiz jihatlarini o’zida aks ettiradi. Tarixshunoslik tadqiqotlarda tadqiqotchining vazifasi o’zidan avvalgi bosqichlarda yaratilgan ilmiy asarlarni zamonaviy bilimlar nuqtai nazaridan o’rganish, ularning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilishdan iborat. Tarixshunoslik tarix faniga nisbatan yangi fan hisoblanadi. O’rta asrlarda yaratilgan ba’zi tarixiy asarlarda, jumladan, Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» va «Hindiston», Abu Bakr Narshaxiyning «Tarixi Buxoro», Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma», Boburning «Boburnoma», Muhammad Yusufbek Bayoniyning «Tarixi Xorazm», «Shajarai Xorazmshohiy», Ahmad Donishning «Buxoro amirlarining tarjimai hollari» va boshqalarda muayyan ma’lumotlarni umumlashtirishga, fakt va tarixiy jarayonlar bayonida taxliliy yondashuvga bo’lgan harakatlar kuzatiladi. O’zbekistonda Tarixshunoslik tarix fanining maxsus sohasi va aloxida tadqiqot predmeti sifatida 20-asrning 2-yarmida shakllandi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix institute tashkil topgach, bir qator tarixshunoslar, jumladan, V.Ya. Nepomnin, R.N.Nabiev, I.K. Dodonov, L.M.Landa, X.I.Inoyatov, B.V.Luninlar muayyan muammolarning tarixshunosligini tadqiq qilishga kirishdilar. 1968 yil Tarix instituti qoshida «Tarixshunoslik» sektori, keyinroq bo’lim tashkil etilishi bu sohaning rivojiga katta hissa qo’shdi (bo’limni 1968-88 yillarda tarix fanlari doktori B.V.Lunin, 1988-92 yillarda tarix fanlari nomzodi V.A.Germanov boshqargan, 1992 yildan tarix fanlari doktori, professor D.A.Alimova rahbarlik qilib kelmoqda). O’zbekistonda tarix fani va uning ba’zi sohalari rivoji dinamikasini yorituvchi asarlar [Axunova M.A., Lunin B. V., Istoriya istoricheskoy nauki v Uzbekistane, T., 1970; XX asrning dastlabki o’ttiz yilligi O’zbekistonda tarix fani (tarixshunoslik ocherklari), 1— 2qism, T., 1994; Alimova D. A., Ivanova L. S, 50 let izucheniya istorii Uzbekistana v godo’voyno’ 1941-1945 gg. Sovremennie zadachi i perspektivo’ ee istoriografii, T., 1995; Lunin B. V., Istoriografiya obhestvenno’x nauk v Uzbekistane, T., 1974; Saidqulov T. S, O’rta Osiyo xalqlari tarixining tarixshunosligidan lavxalar, T. S, 1992; Doniyorov A. X., Mustaqil O’zbekiston etnografiyasi tarixshunosligining ayrim masalalari, T., 2003] yaratildi. Sharqshunos olimlar (Lunin B. V., Biobibliograficheskie ocherki o deyatelyax obhestvenno’x nauk Uzbekistana, t. 1, T., 1976; t. 2, T., 1977), mustamlakatotalitar tuzum sharoitida O’zbekiston tarix fani sohasida xizmat qilgan tarixchilarning hayoti va faoliyati (Alimova D. A., Rashidova D., Mahmudxo’ja Behbudiy va uning tarixiy tafakkuri, T., 1999; Germanov V. A., Istoriki Turkestana v usloviyax politicheskogo terrora 20—30x godov, T., 2000; Germanov V. A, Professor Pulat Saliev i ego vremya, T., 2002) asarlarda aks ettirildi; xotinqizlar muammosi tarixshunosligi [Alimova D. A., Jenskiy vopros v Sredney Azii: istoriya izucheniya i Sovremennie problemo’ (20—80E gg.), T., 1991]; milliy ozodlik harakatlari, ularning xorijda o’rganilishi (Ziyaeva D. H., Turkistonda milliy ozodlik harakati, T., 2000) asarlarda o’z ifodasini topdi. Tarix fanining boshqa muammolari ko’plab maqolalarda o’zining T. tahliliga erishdi. T. bo’limi tomonidan o’tkazish an’anaviy bo’lib qolgan «T. o’qishlari» O’zbekiston tarix fani sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qilib boradi. O’zbekistonda T. fani ilmiy maktablariga B. V. Lunin, G.I.Jeltova, F.H.Qosimov, R. Rajapova, D.A. Alimova kabi olimlar tomonidan asos solindi. T. tadqiqotlari mustaqillik yillarida ancha kengaydi. 5 ta drlik, 20 dan ortiq nomzodlik ishlari himoya qilindi. Ayniqsa, xorijiy tadqiqotchilar (AQSh, Koreya, Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya) O’zbekiston tarixshunoslari bilan ilmiyamaliy aloqalar o’rnatib, O’zbekiston tarixshunosligining muhim muammolarini o’rganishda davom etmoqdalar. Nodira Mustafoeva.