YADROSIZ ZONA
YADROSIZ ZONA — xalqaro huquqda yadro qurolini qanday shaklda bo’lishidan qati nazar, joylashtirish man qilingan demilitaritzasiya zonasi. Yadrosiz zona qurolyarog’larni cheklash, yadroviy nizo chiqishi xavfini kamaytirish, mazkur zonaga kiradigan mamlakatlar xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilib, yadro qurolini tarqatmaslik to’g’risidagi shartnomani hayotga tatbiq qilish omili hisoblanadi. Yadrosiz zonada yadro qurolini sinash, ishlab chiqarish va joylashtirish, uning hududida va unga qarshi yadro qurolini qo’llash taqiqlanadi. Hozirgi paytda Antarktidada, Lotin Amerikasi, Tinch okeanning Janubiy qismi va Afrikada Yadrosiz zonalar mavjud. Shuningdek, Shimoliy Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo, yaqin Sharqda Yadrosiz zonalar barpo etish g’oyalari bor. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I.Karimov BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida so’zlagan nutqida Markaziy Osiyoni Yadrosiz zona deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi. I.Karimovning EHXTning Lissabon uchrashuvida so’zlagan nutqida (1996 yil dekabr) bu fikr yana bir bor o’rtaga tashlandi. 1997 yil 14-16 sentyabrda Toshkentda «Markaziy Osiyo — yadro qurolidan xoli zona» mavzuida xalqaro konferentsiya bo’lib o’tdi. Unda 56 mamlakatdan va 16 xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etdi. I.Karimovning yadroviy xavfsizlikni ta’minlash choralari haqidagi fikrlarini anjuman qatnashchilari qoniqish bilan kutib oldilar. Markaziy Osiyoda Yadrosiz zona barpo etish haqidagi O’zbekiston tashabbusi BMT va jahon jamoatchiligi tomonidan to’la qo’llab-quvvatlanmoqda. Bu taklif BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida muhokama etilib, maxsus rezolyusiya qabul qilingan. Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish faqat mintaqadagina emas, balki jahonda ham tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Sayfiddin Jo’rayev.