YANISHEVSKIY NIKOLAY ANDREYEVICH
YANISHEVSKIY NIKOLAY ANDREYEVICH (1891.14.8, Ukraina, Vinnitsa viloyati — 1966.12.10, Moskva) — muhandis-gidrotexnik, texnika fanlari Doktori (1938), prof. (1933), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1940), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan irrigator (1950). Petrovsk qishloq xo’jalik akademiyasi muhandislik fakultetini tugatgan (1919). 1924 yilgacha RSFSR yer ishlari xalq komissariati qishloq xo’jaligini melioratsiyalash bo’limida katta mutaxassis, Moskva qishloq xo’jaligini melioratsiyalash institutida katta ilmiy xodim, O’rta Osiyo irrigasiya ilmiy tekshirish institutida eksplutuatasiya bo’limi boshlig’i, ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari (1925— 35). 1935 yildan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutida gidromelioratsiya sistemalarini ekspluatatsiya qilish kafedrasi mudiri. Yanishevskiy suvdan foydalanishni rejalashtirishning nazariy asoslari va usullarini ishlab chiqqan (O’rta Osiyoning barcha irrigatsiya sistemalarida qo’llaniladi).