YANSHAO MADANIYATI

YANSHAO MADANIYATI — shimol Xitoydagi arxeologik madaniyat (miloddan avvalgi 4-3-ming yillik). Xenan, Shansi, Shensi viloyatlari, shuningdek, Xuanxe daryosining o’rta oqimi bo’ylarida tarqalgan. 1921 yil shved arxeologi Yu.G. Anderson tomonidan Yanshao qishlog’i (Xenan)dan chiqqan topilmalarga ko’ra, shunday atalgan. Yanshao manzilgohlari Daryo terrasalarida joylashgan; markazda — jamoa binosi, atrofida — kvadrat va dumaloq shaklda devori bo’lgan, loy bilan suvalgan yarim yerto’lalar joylashib, ularning usti konussimon tom bilan yopilgan, bolalar uylar oldidagi katta idishlarga, kattalar qishloq yonidagi qabristonga dafn etilgan. Manzilgoh atrofida kulolchilik xumdonlari bo’lgan. Yanshao madaniyati tarqalgan Gansu viloyatidan nefrit (qosh toshi) parchalari qazib olingan. Ichi va tashqi tomoni rangli bo’yama naqshli sopol idishlar, tosh qurollar (pichoq, bolta, yorg’uchoq, urchuq, paykon) topilgan. Xo’jalikning asosini — motiga bilan yer haydab dehqonchilik qilish tashkil etgan. Uy hayvonlaridan cho’chqa, it boqilgan, ovchilik, baliq ovlash, termachilik muhim rol o’ynagan. Yanshao madaniyatini jez davrining Lunshan madaniyati egallagan. Xitoy manbalariga ko’ra, Yanshao madaniyati topilgan maskanlarda miloddan avvalgi 3-2-ming yillikda dirunglar (turk jangchilari) yashagan.