KORNELL UNIVERSITETI
KORNELL UNIVERSITETI – AQSh dagi yirik va ko’p ixtisosli universitetlardan biri. Nyu-York shtatining Itaka shahrida joylashgan. 1865 yil tashkil etilgan. Asoschisi — kvaker (xristian dini mazhabiga mansub shaxs) E. Kornell nomi bilan atalgan. Muhandislik, ijtimoiy va tabiiy fanlar, me’morlik, san’at va loyihalash, veterinariya, tibbiyot, qishloq xo’jalik, umumiy ta’lim va ekologiya bo’yicha kollejlar, huquq, ma’muriy-xo’jalik, ishlab chiqarish hamda mehnat munosabatlari va boshqalar bo’yicha maktablar mavjud. Universitetda 18 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi. Kutubxonasida 4,5 milliondan ortiq asar saqlanadi.