Zumrad qayerdan paydo bo’lgan?
Zumrad — eng yumshoq nodir toshlardan biri. U berilliy ma’dan toshlari guruhiga kiradi. Eng a’lo navli zumrad jilolarga boy, sof yashil tusda bo’ladi. Biroq benuqson tosh kamdan kam topiladi, shuning uchun topilgan noyob toshlar nihoyatda qimmatlidir. Qadim zamonlarda zumradning barcha xillari Misrdagi shaxtalarda kovlab olingan. Lekin topilgan zumradlar miqdori aytarli ko’p emas. Eng a’lo navli zumradlar bizning zamonamizda Kolumbiya poytaxti — Bogota yonidagi shaxtalardan qazib olinmoqda. Rossiyaning Ural tog’larida, Zalsburgning baland o’tloqli tog’larida ham zumrad konlari bor. Zumrad konlarining eng so’nggilaridan biri Transvaal (JAR)da topib ishga tushirildi. Zumrad to’g’risida ko’pgina afsonalar saqlanib qolgan. Ulardan birida naql qilinishicha, Iso payg’ambar o’z umrining so’nggi kechasida sharob to’ldirib ichgan Graal shokosasi yirik zumraddan kesib tayyorlangan ekan. Zumrad shifobaxsh xususiyatga ega, masalan, tutqanoq kasalligini davolaydi, deb ham hisoblashadi. Boshqa bir qadimiy afsonaga ko’ra, zumrad o’z sohibiga kelajakni bashorat qiladigan kuch bag’ishlar ekan. Yana aytishadiki, zumradning yashil bag’riga tikilib turib kelajak hayotingizda yuz beradigan narsalarni ko’rishingiz mumkin ekan. Maydalanmagan eng katta ma’lum va mashhur zumradning uzunligi 5 sm va diametri ham 5 sm keladi. Yarimnodir toshlar tabiatda ancha ko’p uchraydi. Ametistlar, qora opal, sariq topaz, akvamarin, yashil tusli nefrit (uni Xitoyda juda xush ko’rishadi), tsirkon, xrizolit va boshqalar shu turdagi ma’danlardir.