ABASHIDZE

ABASHIDZE Grigol Grigoryevich [1914.19.7(1.8), Chiatura – 1994] – gruzin yozuvchisi. Gruziya Fanlar Akademiyasi akademigi (1979). Dastlabki she’rlari 1938 yilda matbuotda e’lon qilingan. Ilk poemasi “Qora shaharda bahor” 1938 yilda nashr etilgan. “Dushmanlar” (1941), “Grigoriy Oltinchi” (1942), “Bayroqlar” (1943), “Yengilmas Kavkz” (1943) poemasi va boshqa asarlari 2-jahon urushi haqida. Abashidze “Birinchi tbilisiliklar haqida afsona” (1959), “Uch davrga sayohat” (1961) poemalari, “Oltin uzumzor” (1969) to’plamiga kirgan she’rlari zamonaviy mavzuda. “Lasharela” (1957), “Uzoq tun” (1963), “Karnali” (1969) tarixiy romanlarida Gruziyaning 13-asrdagi hayoti aks etgan. Abashidze Gruziy Davlat gimni hammualliflaridan.

ABASHIDZE Irakliy Vissarionovich (1909.10.11, Kutaisi guberniyasi Xoni qishlog’i – 1992) – gruzin shoiri va jamoat arbobi. Gruziya Fanlar Akademiyasi akademigi (1960). Gruziya Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1953-67). Gruziya Ensiklopediyasi bosh muharriri (1967 yildan). Asarlaridagi asosiy mavzu – shoirning insonparvarlik burchi, Gruziyaning hozirgi va o’tmishdagi taqdiri (“Guriya yashnayapti”, 1950; “Yaqinlashish”, 1966; “Bu qo’shiqlar ham – Gruziyamga”, 1971; she’riy to’plamlari, “Rustabeli izidan” poemasi, 1966 va boshqalar). “Yuksak mahorat uchun” (1959), “Do’stlar yo’llar, uylar” (1979) kitoblari muallifi. Oybek, G’afur G’ulom va boshqalar bilan ijodiy muloqotda bo’lgan. Zulfiya she’rlarini gruzin tiliga tarjima qilgan. O’zbek tilida “She’rlar” kitobi nashr qilingan (1962).