ABBOS BAHODUR
ABBOS BAHODUR, Abbos bahodur qipchoq, Abbosbek (7-1387) – Amir Temurning safdoshi, yirik lashkarboshi. Jeta mo’g’ullariga qarshi kurashda faol qatnashgan. Abbos Bahodur Jangi loyga Amir Temur cherikning kanbulida (markazida) turib, katta jasorat ko’rsatgan. 1370 yil amir Husayn bilan bo’lgan so’nggi jangda Amir Temur tarafida jang qilib, ko’p bahodirlik ko’rsatgan. 1370 yil 9 aprelda amir Husayn ustidan to’la g’alabaga erishilgach, Amir Temur Abbos Bahodurga boshqa yirik lashkarboshilari qatorida amiri lashkar (chek begi) harbiy unvonini bergan. Abbos Bahodurning yoshi Sohibqironga nisbatan ulug’roq bo’lgan bo’lsa kerak, chunki u 1385 yilgacha bo’lgan harbiy yurishlarda faol qatnashib, shu yildan e’tiboran ko’proq o’g’ruqda qoldirilgan. Xususan u 1386 yil boshlangan “uch yillik yurish”da ishtirok etmay, Samarqandda “Movarounnahr viloyatining zabti uchun” qoldirilgan. 1387 yil oxirida To’xtamishxon Movarounnahrga bostirib kelganida u bilan O’trordan 5 kilometr sharqroqda joylashgan Chukalak mavzeida bo’lgan jangda yarador bo’lib, vafot etgan.