FARMAKOTERAPIYA

FARMAKOTERAPIYA (Yunoncha Pharmakon — dori va terapiya), dori terapiyasi — doridarmon bilan davolash. Etiotrop Farmakoterapiyada dori-darmonlar kasallik qo’zg’atuvchilarga ta’sir etadi (masalan, infektsion kasalliklarni antibiotiklar bilan, zaharlanishni esa antidotlar bilan davolashda). O’rin bosuvchi Farmakoterapiyada organizmga yuborilgan dorilar fiziologik faol moddalar o’rnini bosadi (masalan, ichki sekretsiya bezlari yetishmovchiligida gormonal preparatlar qo’llanadi). Patogenetik Farmakoterapiyada doridarmon kasallikning patogeneziga ta’sir etadi (masalan, adrenalin bronxial astmaga, nitrogliserin stenokardiyaga, glyukozidlar yurak yetishmovchiligida qo’llaniladi). Agar preparatlar kasallikning faqat ayrim belgilari (simptomi)ga ta’sir etsa (masalan, og’riq yoki yo’tal qoldiruvchi dorilar), bunday Farmakoterapiya simptomatik terapiya deyiladi. Farmakoterapiyada turli xil dori-darmonlardan foydalaniladi. Infektsion kasalliklar va o’smalar kimyo terapiyasi — Farmakoterapiyaning asosiy yo’nalishidir. Kimyoterapevtik moddalar kasallik qo’zg’atuvchilar turi — mikroblar, viruslarga karab spetsifik ta’sir etadi. Bunday ta’sir etish infektsion agent yoki o’sma hujayrasining fiziologik, biokimyoviy va boshqa xossalari bilan bog’liq. Preparatlar ta’siri ularning organizmga qanday usulda yuborilishiga, to’qimalarda so’rilishiga va boshqalarga bog’liq. Ayrim hollarda organizmda dori-darmonlarga chidamli mikroorganizmlar yoki o’sma hujayralari paydo bo’lishi va ko’payishi mumkin. Shuning uchun ko’pincha organizmga antimikrob va o’smalarga ta’sir etadigan bir qancha dorilarni qo’shib yuboriladi.