FEODOTSIYA
FEODOTSIYA — Ukrainaning Qrim Respublikasidagi shahar. Qrim yarim orolining Janubiy Sharqiy sohilida. Simferopoldan 116 kilometr sharqda. Qora dengiz bo’yidagi port, temir yo’l stantsiyasi, balneologik iqlim kurorti. Aholisi 75 ming kishi chamasida (2001). Feodotsiyaga miloddan avvalgi 6-asrning o’rtalarida asos solingan. 2-jahon urushidan keyin shahar qayta tiklandi, kurort markazlaridan biriga aylandi. Yozi issiq, qishi iliq, yiliga 360 millimetr yog’in tushadi. Davolash vositalari: iqlim, dengizda cho’milish, mineral buloq suvlaridan ichish, Ajiko’l balchig’i. Shaharda oziq-ovqat (sut, tamaki va boshqa zavodlar), qurilish materiallari, metadlsozlik sanoati mavjud. Mebel, ofset, o’yinchoq fabrikalari bor. O’lkashunoslik muzeyi, I. K. Ayvazovskiy nomidagi (Feodotsiyada tug’ilgan) kartinalar galereyasi, rus yozuvchisi A.S. Grinning adabiy-memorial muzeyi faoliyat ko’rsatadi. 14-15 asrlarga oid genuyaliklar qal’asi qoldiqlari, Ioann Predtecha, Stefan, Arxangellar, Sergiy cherkovlari (hammasi 13-14-asrlar), Muftiyjome masjidi (17-asr) kabi me’moriy yodgorliklari saklangan.