FTIZIATRIYA
FTIZIATRIYA (Yunoncha phthisis — oriqlash, darmonsizlanish va iatreia — davolash) — tibbiyotning bir bo’limi. Sishing kelib chiqish sabablari, rivojlanish mexanizmi, klinik-morfologik alomatlari, davolash, oldini olish choralarini o’rganadi. «Ftiziatriya» termini fanga Gippokrat tomonidan kiritilgan. Ftiziatriya mustaqil ilmiy-amaliy fan sifatida terapiyasap ajralib chiqqan. Davolash-profilaktika muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari silga qarshi kurashni uyushtiruvchi tashkiliy metodik markazlar bo’lib, silga qarshi dispanserlar, sanatoriylar, kasalxonalar ishini boshqarib turadi, silning turli shakllarini davolash, oldini olish usullarini, shuningdek, Ftiziatriyaning nazariy asoslarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadi. Ftiziatriyada klinik, rentgenradiologik, endoskopik, epidemiologik, funktsional, ultratovush tekshiruvi, shuningdek, biokimyoviy, bakteriologik, immunologik usullar va hokazolar qo’llanadi. Ftiziatriyaning ftizioxirurgiya, ftiziopediatriya, ftiziourologiya, ftizioginekologiya singari sohalari bor. Ftiziatriyada gigiena va sanitariya rejimi, sun’iy pnevmotoraks, simptomatik va xirurgik davodan tashqari maxsus dori vositalaridan ham foydalaniladi. 1932 yil Samarqandda sil kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilib, 1935 yil mazkur institut Toshkentga ko’chirilgan. Shundan boshlab O’zbekistonda silga qarshi kurash ishlari ancha kuchaytirildi va Ftiziatriya faniga asos solindi. Ftiziatriya fani O’zbekistonda asosan 40-yillardan tez rivojlandi. Bunda, asosan, O’zbekiston sil instituti xodimlari: akademik Sh.A. Alimov (ilk bor sil kasalligi reabilitatsiyasini ishlab chiqqan), professor R. A. A’zamov, A.A. Saidahmedov, A.A. Kalonxo’jayev va boshqalar olib borgan ilmiy izlanishlar va kuzatishlar muxim ahamiyat kasb etdi. Shu int xodimlari tomonidan O’zbekistonda silning tarqalish darajasi, uning sabablari o’lka sharoitlarini hisobga olgan holda atroflicha o’rganildi. Silni aniqlash va davolashning yangi usullari, chunonchi dorilarni nafas yo’llari orqali kiritish (ingalyasiya usuli), kimyoviy preparatlarni organizm immunitetini oshiruvchi moddalar bilan birga qo’llash (immunokimyoterapiya), mikroelementlar va vitaminlar, shuningdek, mehnat bilan davolash usullari ishlab chikildi va keng tatbiq etildi. Keyingi yillarda respublikada yuzaga kelgan ekologik o’zgarishlarni silning kelib chiqishi va kechishiga ta’siri hamda bemorlarni davolash usullari ustida ilmiy ishlar olib borildi. Hozirgi kunda Ftiziatriyaga oid ilmiy tadqiqotlar pulmonologiya sohasi bilan birga olib borilmoqda. Bu ilmiy ishlar va tadqiqotlarga akademik A.M. Ubaydullayev, professor T.M. Qoriyev, S.I. Orifxonova, M.E. Eshonxonov, Q.M. Maxamatov, R.Sh. Hamroqulov, P.X. Nazirov, G.A. Vohidova, A.B. Boltaboev, M.A. Ibrohimov, D.Z. Muxtorov, K. G’ofurov va boshqalar katta xissa qo’shmoqdalar. Toshti, SamTI, Andijon tibbiyot instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va boshqalarda Ftiziatriya kafedralari bor, ular sil kasalligining oldini olish, uni o’z vaqtida aniqlash va davolashning yangi usullari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Abdulla Ubaydullayev.