FIJI
FIJI (Fiji), Fiji suveren demokratik Respublikasi (Sovereign Democratic Republic of Fiji) — Okeaniyada, Tinch okeanning Janubiy g’arbiy qismida, Fiji orollarida joylashgan davlat. Maydoni 18,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 856,3 ming kishi (2002). Poytaxti — Suva shahri. Ma’muriy jihatdan 4 okrugga bo’linadi. Davlat tuzumi. Fiji — Buyuk Britaniya Hamdo’stligi tarkibidagi respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1970 yil qabul qilingan, 1997 yilda unga o’zgartishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident, u qabila boshliqlarining katta kengashi tomonidan mahalliy fijiylar orasidan 5 yil muddatga tayinlanadi. Prezident bosh vazirni va qurolli kuchlar qo’mondonini tayinlaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament — Senat va vakillar palatasi, ijrochi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Tabiati. Fiji arxipelagi Melaneziyaning Sharqiy qismidagi 300 dan ortiq oroldan iborat. Ularning yiriklari — VitiLevu, VanuaLevu. Orollarning egri bugri qirg’oqlari marjon riflari bilan o’ralgan, zamini granit, gneys va boshqa qadimiy kristall jinslardan tuzilgan. Yirik orollar relefi balandligi 1000 metrdan yuqori tog’ tizmalari bilan ajralgan platolardan iborat. Eng baland joyi 1322 metr (VitiLevu orolda). Sohil bo’ylab ensiz tekislik joylashgan. Foydali qazilmalari: neft, mis, oltin, marganes. Yirik daryolari: Reva (100 kilometrgacha kema qatnaydi), Singatoka, MBA (VitiLevu oroli.da). Iqlimi tropik, okean iqlimi, sernam, o’rtacha temperatura 25-28°. Yillik o’rtacha yog’in 1700-3500 millimetr. Vulkan jinslarining nurashidan hosil bo’lgan qizg’ish tuprog’i unumdor. Tog’larning shamolga ro’para Janubiy Sharqiy yon bag’irlarida qimmatbaho yog’och olinadigan tropik o’rmon va savannalar bor. Hayvonot dunyosida yirtqich hayvon va zaharli ilonlar yo’q. Orollarga dunyoning boshqa joylaridan jonivorlar keltirilgan. Mushuk, echki va quyonlar uchraydi. Aholisining aksariyati — fijiylar va fijilik hindlar; okeaniyaliklar, inglizlar, xitoylar ham yashaydi. Rasmiy til — ingliz tili. Shahar aholisi 46%. Dindorlari — xristian, hinduiy va musulmonlar. Yirik shaharlari: Suva, Lautoka, Lambasa. Tarixi. Fiji orollarida dastlabki manzilgohlar miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalarida paydo bo’lgan. Orollarga yevropaliklardan birinchi bo’lib gollandiyalik A. Tasman 1643 yil va ingliz J. Kuk 1774 yil borganlar. 1874 yildan Buyuk Britaniya Fijini mustamlakaga aylantirdi. 1879 yildan mustamlakachilar shakarqamish plantasiyalarida ishlatish uchun Hindistondan ishchilar olib kela boshladi. 1959 yil Fijida milliy ozodlik harakati boshlandi. 1970 yil 10 oktabrda Buyuk Britaniya mamlakatga mustaqillik berishga majbur bo’ldi, ammo Buyuk Britaniya tomonidan tayinlanadigan general-gubernator hokimiyati saqlanib qoldi. 1987 yil 25 sentabrda Sitiveni Rabuka boshchiligida harbiy to’ntarish sodir bo’ldi, 6 oktabrda general-gubernator lavozimi tugatiddi va Fiji respublika deb e’lon qilindi. Fiji — 1970 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 10 oktabr — Mustaqillik kuni (1970). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Fiji leyboristlar partiyasi, 1985 yil tuzilgan; Milliy Federativ partiya, 1960 yil asos solingan; Fiji konservativ partiyasi, 1989 yil tashkil etilgan; Fiji siyosiy partiyasi — Songosongoni Vakavulevani Taukei — SVT, 1990 yil asos solingan. Fiji kasaba uyushmalari Kongressi, 1951 yil tuzilgan. Xo’jaligi. Fiji — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 22%, sanoatning ulushi 12%. Iqtisodiyotning yetakchi tarmog’i — tropik dehqonchilik. Mamlakat hududining 11% dan ko’prog’i qishloq xo’jalik ekinlari bilan band. Jamoa yer egaligi ustun. Bu yerlarda hind fermerlari eksport uchun shakarqamish etishtiradi. Mahalliy aholisi o’z xo’jaliklarida kokos palmasi, yams, Taro, batat, banan, ananas, tsitrus mevalar, kakao, tamaki, shuningdek, sholi, makkajo’xori yetishtiradi. Chorvachiligida qoramol, cho’chqa, yilqi, echki, xonaki parranda boqiladi. Baliq ovlash rivojlangan. Yog’och tayyorlanadi. Oz miqdorda marganes rudasi, boksit, oltin, kumush qazib olinadi. Ishlab chiqarish sanoati qand, yog’, sholi oqlash, tamaki, meva konservalash, koprani qayta ishlash, taxta tilish, yog’ochsozlik, kiyimkechak, poyabzal, keng iste’mol mollari korxonalaridan iborat. Sayyoxlarning kelib-ketishidan yaxshigina daromad olinadi. Temir yo’l uzunligi 595 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 5100 kilometr. Asosiy dengiz portlari — Suva, Lautoka. VitiLevu orolning g’arbiy sohilida Nandi xalqaro aeroporti bor. Fiji chetga shakar xom ashyosi, kokos moyi, kopra, oltin, yog’och, baliq, kiyim-kechak va boshqalar chiqaradi, chetdan mashina va uskunalar, yoqilg’i, keng iste’mol mollari oladi. Avstraliya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya bilan savdo qiladi. Pul birligi — Fiji dollari. Maorifi. Mamlakatda 800 dan ortiq maktab bor, ular 50 dan ziyod orolda joylashgan. Maktablarda ta’lim ingliz, fijiy va hind tillarida olib boriladi. Fijida 8 yillik ta’lim majburiy. Boshlang’ich maktabga bolalar 6-7 yoshdan qabul qilinadi. O’rta maktabda o’qish muddati 4 yil, ammo universitetga kirish uchun qo’shimcha 2 yillik ta’lim kursida o’qib chiqish kerak. Davlat maktablaridan tashqari xususiy maktablar ham bor. 1968 yil Suvada tinch okean Janub qismi mamlakatlarining regional universiteti tashkil etildi; xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, tibbiyot bilim yurti bor. Samabuladagi texnika instituti (1964), Nausoridagi qishloq xo’jalik kolleji (1954), Suvadagi Markaziy tibbiyot bilim yurti (1886)da to’liqsiz oliy ma’lumot olinadi. Suvada universitet kutubxonasi, shahar kutubxonasi, Samabulada texnika intining kutubxonasi, Nandida kutubxona, Suvada Fiji muzeyi (1906) mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Fijida nashr etiladigan gazeta va jurnallar: «Deyli post» («kundalik pochta», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1989 yildan), «Fidji tayme» («Fiji vaqti», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1869 yildan), «Shanti dut» («dunyo xabarnomasi», qind tilida chiqadigan haftalik gazeta, 1935 yildan), «Aylend biznes» («orollar biznesi», ingliz tilida chiqadigan oylik jurnal, 1985 yildan), «nav djioti» («yangi dunyo», hind tilida chikddigan oynoma, 1989 yildan). «Fidji brodkasting komishn», yarim tijorat tusdagi radioeshittirish xizmati, 1954 yil tuzilgan. «Fidji Televiji» telekompaniyasiga 1994 yilda asos solingan.