FRIDRIX II
FRIDRIX II (1712.24.1, Berlin 1786.17.8, Potsdam) — Prussiya qiroli (1740 yildan). Gogensollernlar sulolasidan. Qirol Fridrix Vilgelmning o’g’li. Yirik sarkarda. Yoshligida frantsuz ma’rifatparvarlari ta’sirida bo’lgan. Ayni vaqtda pruss harbiybyurokratik militarizmining eng izchil vakillaridan. 1740 yil Fridrix II Avstriyaga tegishli Sileziyaga bostirib kirib, bir necha bor urush qilgan. 1-sileziya urushi (1740— 42) va 2-sileziya urushi (1744-45) natijasida muhim iqtisodiy va strategik ahamiyatga ega bo’lgan bu o’lkani o’ziga tobe qilgan. 1756-63 yillardagi Yetti yillik urushda Avstriya va Frantsiya qo’shinlariga bir necha marta zarba bergan. Fridrix II o’zini san’atni qadrlovchi va homiysi qilib ko’rsatgan. Bir qator falsafiy va tarixiy asarlarning muallifi bo’lgan. Asarlarini, asosan, frantsuz tilida yozgan. Absolyutizmni mustahkamlash yuzasidan Fridrix II bir necha islohotlar o’tkazgan. Fridrix II davrida Prussiya buyuk davlatlar qatoriga chiqqan, uning hududi 2 barobar ko’paygan. Ammo zulm va rasmiyatchilikka asoslangan bu davlat mustahkam bo’lmagan. Fridrix II vafotidan so’ng ko’p o’tmay Prussiyaning Frantsiya bilan olib borgan urushlarida bu ahvol ochiq namoyon bo’lgan.