FIMOZ

FIMOZ (Yunoncha phimosis — tortishish, torayish) — erlik olati (zakar) chekka kertmak qismining torayishi. Bunda olat boshchasi yetarli ochilmaydi. Tug’ma (ba’zi bolalarda 2-3 yoshgacha kuzatiladigan fiziologik Fimoz) va orttirilgan Fimoz farq qilinadi. Orttirilgan Fimoz surunkali balanopostit kasalligi oqibatida paydo bo’ladi. Fimoz zaxm va so’zak tufayli ham yuzaga kelishi mumkin. Asosiy belgisi: siyganda siydik yaxshi chiqib ketolmay, chekka kertmak qopchasiga to’planib, u shishadi, limfa tomirlari yo’g’onlashadi, ba’zan chovga og’riqli bez keladi; bemorning trasi ko’tariladi, lohas bo’ladi. Og’irroq hollarda siydik chiqarish kanali kengayib, yallig’lanadi. Fimoz bilan og’rigan bolalarda ko’pincha kechasi siyib qo’yish, kattalarda esa jinsiy hayotning qiyinlashish hollari kuzatiladi. Fimoz ro’y berganda darhol vrachga murojaat etish lozim. Vrachga ko’ringunga qadar olatni kaliy permanganat (margansovka)ning kuchsiz eritmasi bilan chayish va vanna qilish mumkin.