FITOPATOLOGIYA
FITOPATOLOGIYA (fito…, Pato… va logiya) — o’simlik kasalliklari, ularning oldini olish va tugatish usullari hamda tadbirlari haqidagi fan. Umumiy va xususiy Fitopatologiyaga bo’linadi. Umumiy Fitopatologiya o’simlik kasalliklarining paydo bo’lishi sabablarini, kasallikni qo’zg’atuvchi organizmlar tuzilishi va ularning sistematikasini, rivojlanishi va tarqalishi qonuniyatlarini, kasallangan organizmlardagi anatomikfiziologik buzilishni, o’simlik karantini va immunitet masalalarini, o’simliklarni himoya qilish usul va tadbirlarini; xususiy yoki maxsus Fitopatologiya ekinlar kasalliklarini o’rganadi va ularga qarshi kurash choralarini tavsiya etadi. Fitopatologiya o’simlik anatomiyasi va fiziologiyasi, mikrobiologiya, mikologiya, genetika, selektsiya, o’simlikshunoslik, kimyo, fizika va boshqa fanlar yutuqlaridan foydalanadi. Kasalliklarning o’simlikka zarar keltirishi qadimdan ma’lum bo’lgan. 18-asr 2-yarmida tajribalar asosida (Rossiyada A. T. Bolotov, Frantsiyada A. Timet, Italiyada F. Fontana, Daniyada Ya. Fabrisius) qorakuya, zang, toshkuya va boshqa kasalliklarning yuqumliligi isbot qilindi, lekin ularni bartaraf etish yo’llari topilmadi. 19-asrning 2-yarmida nemis olimi A. De bari, rus mikologi va fitopatologi M. S. Voronin va ularning shogirdlari ko’pchilik o’simlik kasalliklarining sababchisi zamburug ekanligini isbotladilar. 19-asrning oxirida Fitopatologiya zamburug’lar, virus lar va boshqa parazitlar keltirib chikaradigan kasalliklarni o’rganuvchi fan sifatida shakllandi. Bu davrga kelib uning asosiy yo’nalishlari: mikologiya, parazitologiya, ekologiya, immunologiya, kimyoviy toksikologiya, virusologiya, o’simliklarning bakterioz va nematoda kasalliklari haqidagi ta’limoti shakllandi. Tadqiqotchi olimlar qorakuya, zang, oqpalak (vilt) zamburug’lari turlari, kalmaraz, fitoftoroz va boshqa kasalliklar qo’zg’atuvchilarining patogenezi, epifitoetiologiyasining muhim qonuniyatlarini aniqladilar. Kasallik qo’zg’atuvchilariga qarshi kurashning samarali kimyoviy, biologik usullarini ishlab chiqdilar. Terapevtik ta’sir ko’rsatuvchi moddalar (ba’zi antibiotiklar va sirtdan ta’sir qiladigan fungidtsidlar) ustida izlanishlar olib borildi. Selektsionerlar va fitopatologlar zang, oq va kulrang chiritsh, vilt, ildiz chirishi kabi kasalliklarga chidamli bug’doy, kungaboqar va tamaki navlarini yaratdilar. Viltga chidamli g’o’za navlarini etishtirish va viltga qarshi kurashning yangi usullari ustida kata ishlar olib borildi. O’simliklarni kasalliklardan himoya qilish va Fitopatologiyaning yangi masalalarini ishlab chiqishda o’simlik immuniteti omillari va qrnuniyatlarini o’rganish; o’simliklarni kasallikka chidamliligini aniklash, fitopatologik ekspertiza va o’simlik kasalliklari diagnostikasining yangi usullarini ishlab chiqish; zamburug’, bakterial, virusli va boshqa kasalliklar patogenezini o’rganish; o’simlikning kimyoviy immunizasiyasini o’rganish (bunda o’simliklarning kasalliklarga chidamlilik qobiliyati keyingi 2— 4 avlodga o’tadi); o’simliklarni himoya qilishning texnikaviy vositalari, katta hajmdagi himoya ishlarini rejalashtirish uchun zarur bo’lgan ko’p yillik ma’lumotlardan foydalanish usullarini ishlab chiqish va boshqalar katta yordam beradi. Fitopatologiyada turli tadqiqot usullari, jumladan, mikologik virusologiya va bakteriologik tadqiqotlar, anatomiya, biokimyo va o’simliklar fiziologiyasi, kimyo va biofizika, biotexnologiya, umumiy Agronomiya, meteorologiya va iqlimshunoslik, variatsion statistika usullari qo’llanadi. 20-asr boshlarida g’o’za kasalliklarini o’rganishni O’rta Osiyoda, xususan, O’zbekistonda birinchi bo’lib professor N. G. Zaprometov boshlab berdi. Olimlardan A. I. Solovev, N. S. Mirpo’latova, S. S. Ramazonova, A. H. Hakimov, M. X. Komilova, A. A. Vasilev, M. A. Karimov, A. Marupov, R. Teshabaeva, D. Haydarov, I. M. Kiganova, H. Tillaev va boshqalar g’o’za kasalliklarini o’rganishga katta hissa qo’shdilar. U. U. Rasulev, S. Nigmanova g’o’zaning fuzarioz va ildiz chirish kasalliklari, V. I. Serbinov sabzavot ekinlari, E. A. Xolmurodov meva va sabzavotlarni saklashdagi kasalliklari, O. S. Zubriskaya lub ekinlari, X. Qodirov, X. Hoshimov tok kasalliklari, M. Jo’raev yong’oq daraxti kasalliklari, I. M. Azimjonov, A. Sheraliev, M. A. Zuparov tut kasalliklariga qarshi kurash choratadbirlarini ishlab chiqdilar. Hozirgi bu tadbirlar keng qo’llanilmoqda. O’zbekistonda Fitopatologiya muammolari bilan O’zbekiston o’simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti, Genetika va o’simliklar eksggerimental biologiyasi ilmiy tadqiqot instituti, O’zbekiston g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi ilmiy tadqiqot instituti, oliy o’quv yurtlarining ixtisoslashgan Fitopatologiya kafedra va tajriba styalari va boshqa muassasalar shug’ullanadi. Sayyora Murodova, Mirakbar Zufarov.